Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqin orada Yuliya Sviridenko bosh vazir lavozimini tark etishini e'lon qildi. Bu qaror, uning so'zlariga ko'ra, Ukrainaning siyosiy strategiyasini o'zgartirishi bilan bog'liq.
Zelenskiy Telegram kanalida yozishicha, bundan buyon har bir ustuvor tashqi siyosiy yo'nalish uchun katta tajribaga ega aniq bir shaxs javobgar bo'ladi. U rahbarlar darajasida erishilgan kelishuvlarni va Ukraina xalqi kutayotgan natijalarni amalga oshirishga qodir bo'lishi lozim.
Ustuvor yo'nalishlar qatoriga AQSh bilan hamkorlik (jumladan, Patriot tizimlarini ishlab chiqarish litsenziyalari bo'yicha kelishuvlar) va Yevropa Ittifoqi bilan mudofaa sohasidagi hamda Ukrainaning Ittifoqqa a'zo bo'lishi masalalari kiradi.
Shuningdek, qo'shni davlatlar, xususan Polsha va Vengriya bilan munosabatlarni yangi asosga ko'ra qurish kerakligi ta'kidlandi. Yaqin Sharq va Ko'rfaz mintaqasi xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik jihatidan eng istiqbolli global hududlardan biri sifatida ko'rilmoqda.
Xitoy va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishga ko'mak berishi mumkin bo'lgan asosiy xalqaro tashkilotlar bilan ishlash ham tilga olindi.
Ichki ishlarda ham xuddi shunday tamoyil amal qiladi, dedi Zelenskiy. U frontoldi va chegaraoldi viloyatlarning Rossiya zarbalariga uchrayotganini, u yerlardagi ishlarni kuchaytirish zarurligini va armiyaga qurol-yarog' hamda dronlar yetkazib berish hajmini oshirishni kutayotganini aytdi.
Qishga tayyorgarlik va davlat kompaniyalarining transformatsiyasini tezlashtirish ham muhim yo'nalishlar sifatida belgilandi. Shu bois kadrlar o'zgarishi boshlanadi, deb ma'lum qildi prezident.
Zelenskiy Sviridenkoga bosh vazir lavozimidagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, unga asosiy sheriklardan biri bilan munosabatlardagi yangi yo'nalishga rahbarlik qilishni taklif etdi. Bosh vazirning iste'fosi butun Vazirlar Mahkamasining iste'fosini anglatadi.
Huquq-tartibot organlari rahbarlari tarkibida ham o'zgarishlar bo'lishi aytib o'tildi. Yuliya Sviridenko 2025-yil iyulida bosh vazir lavozimini egallagan edi. Ungacha u bosh vazirning birinchi o'rinbosari va iqtisodiyot vaziri bo'lgan. U Denis Shmigalning o'rniga kelgan, Shmigal esa mudofaa vaziri, keyin energetika vaziri bo'lgan. OAVlar Shmigalning bosh vazirlikka qaytishini istisno qilmayapti.
Source: www.gazeta.uz