12-iyul kuni kechqurun Tailand poytaxti Bangkokdagi “Rong Beer Na Lat Phrao” pabida yuz bergan yong‘in oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi va 63 kishi jarohatlandi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Favqulodda chiqish yo‘llari to‘sib qo‘yilgani tufayli tutundan bo‘g‘ilayotgan mijozlar yonayotgan binodan qochib chiqa olmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konditsionerdagi qisqa tutashuv yong‘inga sabab bo‘lgan.
Bosh vazir Anutin Charnvirakul dushanba kuni ertalab voqea joyiga tashrif buyurib, “Biz 27 kishining jasadini topdik, qolganlar esa kasalxonaga yuborilmoqda”, dedi.
Bangkok shahri ma’muriyatining Ofatlarning oldini olish va oqibatlarini yumshatish departamenti direktori Suriyachai Ravivanning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlardan 22 nafarining ahvoli og‘ir va ular shifoxonaga yotqizilgan.
Pab Bangkokning shimoliy qismidagi gavjum, shahar temiryo‘l tizimi bilan bog‘langan hududda bo‘lib, u ikkita savdo markaziga tutashgan hamda kinoteatrlar, yirik istirohat bog‘lari va xorijlik turistlar orasida mashhur bo‘lgan Chatuchak bozoriga yaqin masofada joylashgan.
Source: www.gazeta.uz