Podrobno.uz xabariga ko‘ra, Argentina terma jamoasini 2026 yilgi Jahon chempionatidan chetlashtirish talabi bilan internetda e’lon qilingan pitisiyani uch milliondan ortiq kishi imzolagan. Murojaat mualliflari FIFA va hakamlarni amaldagi jahon chempionlariga, xususan Lionel Messiga nisbatan xolis munosabatda bo‘lmaslikda ayblamoqda.
Ularning fikricha, hakamlik qarorlari muntazam ravishda Argentina termasi foydasiga qabul qilinmoqda, bu esa boshqa jamoalarni tengsiz sharoitda qoldirmoqda. Muxlislarning noroziligiga, ayniqsa, Argentina va Misr o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvi sabab bo‘lgan. Misrliklar 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi, ammo argentinaliklar hisobni tenglashtirib, o‘yin oxirida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng Misr vakillari FIFAni korrupsiyada va hakamlarni raqibga yordam berishda aybladi.
Pitisiya mualliflari, shuningdek, Argentina foydasiga ko‘plab penaltilar tayinlanishi, e’tibordan chetda qolgan qoidabuzarliklar va hakamlarning Argentina raqiblariga nisbatan xolis emasligini boshqa da’volar sifatida keltirmoqda. Saytda alohida argentinalik muxlislarga nisbatan ham ayblovlar mavjud.
Pitisiya rasmiy maqomga ega emas va o‘z-o‘zidan terma jamoani jahon chempionatidan chetlashtirishga olib kelmaydi. Avvalroq, Argentina Shveytsariyani qo‘shimcha vaqtda 3:1 hisobida mag‘lub etib, 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finaliga chiqqani va u yerda Angliya bilan to‘qnashishi haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz