Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ispaniya terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining birinchi finalchisiga aylandi. Yarim final uchrashuvida Luis de la Fuente shogirdlari Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

G‘oliblar safida Mikel Oyarzabal (22-daqiqa) va Pedro Porro (58-daqiqa) gol urishdi. Oyarzabal ushbu turnirdagi beshinchi golini kiritib, Ispaniya terma jamoasining bir jahon chempionatidagi eng ko‘p gol urish rekordini takrorladi. Avvalroq bu natijaga 1986 yilda Emilio Butragenyo va 2010 yilda David Vilya erishgan edi.

Ispaniya 2010 yildan beri ilk bor jahon chempionati finaliga chiqdi. O‘shanda jamoa finalda Niderlandiyani mag‘lub etib, tarixda birinchi marta chempion bo‘lgan edi.

Fransiya terma jamoasi 2014 yildan beri ilk bor jahon chempionati finaliga chiqa olmadi. 2014 yilgi chorak finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng fransuzlar 2018 yilda chempion bo‘lishgan, 2022 yilda esa Argentinaga penaltilar seriyasida yutqazishgan edi.

Ispaniyaliklar o‘zlarining mag‘lubiyatsiz seriyasini 37 o‘yinga yetkazib, 2018-2021 yillar oralig‘ida mag‘lub bo‘lmagan Italiya terma jamoasi rekordini takrorladilar.

Yarim final Didye Deshamning Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Jahon chempionati yakunida uning o‘rnini Zinedin Zidan egallashi kutilmoqda.

Qizig‘i shundaki, Ispaniya va Fransiya ketma-ket uchinchi yirik turnirning yarim finalida to‘qnash kelishdi. Avvalroq ispaniyaliklar fransuzlarni Yevro-2024 (2:1) va Millatlar Ligasi (5:4) yarim finalida mag‘lub etishgan.

19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan finalda Ispaniya Angliya va Argentina o‘rtasidagi ikkinchi yarim final g‘olibi bilan to‘qnash keladi.

Source: kun.uz