Ispaniya va Gibraltar o‘rtasidagi chegara nazorati bekor qilinishi bilan eski zanjirli to‘siq olib tashlandi. Bu qaror odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishiga keng imkoniyat yaratadi.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan tarixiy shartnoma natijasida chegara to‘siqlari butunlay olib tashlandi. Gibraltar — Ispaniyaning janubiy qirg‘og‘idagi kichik o‘zini-o‘zi boshqaruvchi Britaniya hududi — 1713-yildan beri Britaniya nazoratida bo‘lib, Ispaniya unga bo‘lgan da’vosini saqlab kelmoqda.
Taxminan 40 000 aholiga ega Gibraltar har kuni Ispaniyadan 15 500 ga yaqin chegaraviy ishchilarga tayanadi. Avvalari hujjatlar tekshiruvi tufayli chegara oldida uzoq navbatlar paydo bo‘lar, ayniqsa Britaniya va Ispaniya o‘rtasidagi siyosiy keskinliklar davrida.
Endi esa Gibraltar aholisi rezidentlik kartalari bilan Ispaniyaga o‘tishi mumkin, ispan fuqarolari esa hukumat tomonidan berilgan shaxsiy guvohnomalar bilan chegarani kesib o‘tishlari mumkin. Yarim tundan so‘ng ko‘plab odamlar Ispaniyaning La Linea de la Konsepsion shahridan Gibraltarga erkin o‘tishdi.
Gibraltar Bosh vaziri Fabian Pikardo “Yevropa qaytdi”, deb e’lon qildi. U ispan bayroqlarini ko‘targan olomon oldida “bu yerda ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik hissi bor”, dedi.
Shartnoma Brusselda imzolangan bo‘lib, Gibraltarni Yevropa Ittifoqining Shengen hududiga kiritadi. Gibraltar aeroportiga kelganlar pasportlarini Gibraltar va Ispaniya chegara xodimlariga ko‘rsatishi kerak. Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares bu kelishuvni “yangi davr” deb atadi.
Source: www.dw.com