Nyu-York Tayms gazetasining xabar berishicha, AQSh hukumati bahor oylarida ittifoqchisi Isroilni Eronning ikki bosh muzokarachisiga suiqasd uyushtirishda gumon qilib, boshqa davlatlar orqali Tehronga ogohlantirish yuborgan.
Manbalarga ko‘ra, Vashington Isroil tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi va parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibofni o‘ldirishni rejalashtirganidan qo‘rqqan. AQSh o‘z ittifoqchisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq bera olmagani sababli, dushmanini ogohlantirishga majbur bo‘lgan.
Urush boshida Isroil zarbalari natijasida Eronning nufuzli siyosatchilari Ali Larijoniy va Kamol Xoraziy halok bo‘lgan. Aynan ular Vashington muzokara olib borishni niyat qilgan shaxslar edi. Hozirgi muzokarachilar esa o‘sha hujumlardan omon qolganlar orasidan tanlangan.
Qolibofning o‘zi ikki marta Isroil tomonidan o‘ldirilishga urinilgan — 2025 yil iyun oyidagi 12 kunlik urushda va joriy yilda bunkerga uyushtirilgan zarba paytida.
Ekspertlarning fikricha, Isroil tinchlik jarayoniga tahdid soluvchi "buzg'unchi" rolini o‘ynamoqda. Urushdagi g‘alabalar haqidagi rasmiy rivoyatni saqlab qolish uchun Isroil kelishuvning barbod bo‘lishidan manfaatdor.
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Isroil vazirlarining memorandumga hujumiga javoban: "Agar men Isroil kabinetida o‘tirganimda, qolgan yagona kuchli ittifoqchiga hujum qilmas edim", degan.
Vaziyatni barqarorlashtirish uchun uchinchi tomonlar — Pokiston va Qatar vositachiligida Eron delegatsiyasining xavfsizligi ta’minlangan. Pokiston qiruvchi samolyotlari muzokarachilarni Islomobodga kuzatib qo‘ygan.
Memorandumning asosiy yutug‘i — Isroilning kutilgan operatsiyasi amalga oshmaganligi, muzokarachilar tirik qolgani va diplomatik kanal ochiq qolganidir. Bu dushmanni emas, balki do‘stni boshqarish orqali erishilgan cheklangan muvaffaqiyatdir.
Source: www.aljazeera.com