Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Katta Manchesterning sobiq meri Endi Byornem Buyuk Britaniyada hukmronlik qilayotgan Leyboristlar partiyasining rasman yangi yetakchisiga aylandi. Bu haqda BBC News va Guardian xabar bermoqda. Leyboristlar parlamentda ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolgani sababli Byornemning mamlakat bosh vaziri lavozimini egallashini anglatadi.

Byornemning saylangani 17-iyul kuni Leyboristlar partiyasining maxsus konferensiyasida e’lon qilindi. U leyborist deputatlardan 403 ta ehtimoliy nominatsiyadan 379 tasini oldi va 20 foizli to‘siqni yengib o‘tgan yagona nomzod bo‘ldi.

“Ularning barchasi [Leyboristlar partiyasi deputatlari] aholining… o‘zlari bir paytlar bilgan ishchilar harakatiga qaytish haqidagi chaqirig‘ini eshitdi. Biz bu chaqiriqqa javob beramiz. Biz yana o‘sha Leyboristlar partiyasiga aylanamiz”, — dedi Byornem o‘z chiqishida.

“Men yangi siyosatni yaratish ustida ish olib boraman. Mamlakat bunga muhtoj. Boshqalar bilan qarama-qarshilikda ochko to‘plash o‘zimizga yoqishi mumkin, lekin jamiyatga emas. Turmush darajasi pasayib borayotgan bir paytda, siyosatchilar qanday qilib boshqalarni ayblashi mumkin?.. Bu nimanidir o‘zgartirish uchun so‘nggi imkoniyatdir. Biz undan birgalikda foydalanishimiz kerak. Birlashishimiz lozim. Doimiy ravishda boshqalar haqida gapiraverishdan to‘xtab, odamlarga nima ishlar qilishimiz haqida so‘zlashimiz kerak. Keling, siyosiy ochko to‘plashga emas, muammolarni hal qilishga e’tibor qarataylik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Byornem, shuningdek, bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqayotgan Kir Starmerga minnatdorlik bildirdi. U Starmer rahbarligida Leyboristlar partiyasi “tariximizdagi eng yirik mag‘lubiyatdan eng yorqin g‘alabalardan birigacha bo‘lgan” yo‘lni bosib o‘tganini ta’kidladi.

Starmer Bukingem saroyida qirol Karl III ga shaxsan rasmiy iste’fo arizasini topshirganidan so‘ng Byornem 20-iyul kuni bosh vazir lavozimiga kirishishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz