Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiya parlamenti Imperator xonadoni to‘g‘risidagi qonunga taxt vorisligi qoidalarini yumshatuvchi, ammo ayollarning taxtga o‘tirishiga qo‘yilgan taqiqni saqlab qoluvchi tuzatishlar kiritdi. Bu haqda Associated Press va BBC News xabar berdi. Bu imperator oilasining qisqarib borayotgani muammosini hal qilish maqsadida qonunning asosiy qismiga 75 yildan ortiq vaqt ichida kiritilgan ilk o‘zgartirishdir.

Tuzatishlardan biri imperator oilasiga 15 yosh va undan katta bo‘lgan, faqat ota tomonidan bo‘lgan uzoq qarindosh erkaklarni farzandlikka olishga ruxsat beradi. Mazkur band faqat 1947-yilda imperator oilasi tarkibidan chiqarilgan 11 ta yon sulolaga taalluqlidir. O‘sha paytda ushbu sulolalarning 51 nafar a’zosi Ikkinchi jahon urushidan keyin monarxiyaning moliyaviy yukini yengillashtirish maqsadida imperatorlik maqomidan voz kechgan edi.

Ikkinchi tuzatish esa imperator oilasiga mansub ayollarga oddiy fuqaroga turmushga chiqqanidan keyin ham o‘z maqomini saqlab qolishga ruxsat beradi. Avvallari ular imperatorlik unvonidan voz kechishga va imperator oilasi tarkibini tark etishga majbur edi. Mazkur o‘zgarish rasmiy imperatorlik vazifalarini bajaradigan oila a’zolari sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Yaponiyada dunyodagi eng qadimiy hukmron sulola mavjud bo‘lib, uning tarixi 2600-yildan ortiq vaqtni qamrab oladi. Hozirda mamlakat imperatori 66 yoshli Naruhito bo‘lib, uning erkak vorisi yo‘q. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, taxt vorisligida birinchi o‘rinda imperatorning 60 yoshli ukasi Fumihito turadi. Undan keyin Fumihitoning 19 yoshli o‘g‘li — shahzoda Hisahito keladi. Taxt uchun uchinchi va oxirgi nomzod esa imperatorning 90 yoshli amakisi hisoblanadi.

AP agentligining yozishicha, qonunga kiritilayotgan tuzatishlar yapon jamiyatida norozilik uyg‘otgan. Tanqidchilarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar Naruhitoning yagona farzandi bo‘lgan malika Aykoni taxtdan chetlatishga hamda ayollarga nisbatan kamsitish va patriarxal tizimni oqlashga qaratilgan. Agentlik qayd etishicha, 24 yoshli malika Ayko yaponlar orasida juda mashhur bo‘lib, ko‘pchilik uning otasining vorisi bo‘lishini istaydi.

Source: www.gazeta.uz