Kuba dissidenti va taniqli rassomi Lui Manuel Otero Alkantara besh yillik qamoq muddatini o‘tab, AQShga yetib keldi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
38 yoshli rassomning qayerda ekanligi va qachon kelgani haqida Rubio batafsil ma’lumot bermadi. Biroq, Otero Alcantaraning rasmiy Facebook sahifasida uning AQShga kelgani aks etgan video e’lon qilindi.
“Besh yillik nohaq qamoqdan so‘ng, kuba rassomi Lui Manuel Otero Alkantara nihoyat ozod qilindi”, — deyiladi uning Facebook sahifasidagi postda. Shuningdek, u maksimal darajadagi xavfsizlik choralari bilan qo‘riqlanadigan qamoqxonada saqlangani va ozodlik sharti sifatida “oroldan butunlay chiqib ketish” talab qilingani aytilgan.
Otero Alkantara 2021-yil iyul oyida, Gavana poytaxtida elektr uzilishlariga qarshi ommaviy norozilik namoyishiga qo‘shilish uchun uyidan chiqayotganda hibsga olingan edi. 2022-yilda sud uni milliy ramzlarni haqorat qilish, nafrat va jamoat tartibini buzishda ayblab, besh yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.
Rubio o‘z bayonotida: “Otero Alcantaraning yagona ‘jinoyati’ — jim turishdan bosh tortishi va o‘z san’ati orqali oddiy kuba xalqiga yetmish yil davomida berilmagan asosiy erkinliklarni talab qilishi edi”, — dedi. Kuba hukumati esa uni Vashington nomidan kommunistik orolni beqarorlashtirishda ayblagan.
Source: www.dw.com