Gayana qirg‘oqlari yaqinida yo‘lovchi paromi ag‘darilib ketishi natijasida o‘nlab odamlar dengizda bedarak yo‘qolgan. Mahalliy hukumat maʼlumotlariga ko‘ra, MV Barima nomli kema 116 yo‘lovchi va ekipaj aʼzolarini olib, poytaxt Jorjtaundan Port Kaytumaga yo‘l olgan.
Kema shanba kuni kechqurun soat 23:00 atrofida (GMT bilan yakshanba kuni 03:00) Iron Punt yaqinida favqulodda signal bergan va ag‘darilgan. Gayana Bosh vaziri Mark Fillipsning yakshanba kuni AFP agentligiga maʼlum qilishicha, 53 kishi qutqarilgan. U kunduzgi yorug‘likda qidiruv ishlari davom etar ekan, yana ko‘p odamlarni qutqarish kutilayotganini aytgan.
Qidiruv operatsiyasiga Gayana qirg‘oq qo‘riqlash xizmati va xususiy kemalar jalb qilingan. Gayana Jamoat ishlari vaziri Xuan Edgillning so‘zlariga ko‘ra, paromda 250 ga yaqin qutqaruv jiletlari, sakkizta qutqaruv qayig‘i va boshqa xavfsizlik jihozlari bo‘lgan.
Edgill qo‘shimcha qilishicha, qutqarilganlarni davolash uchun qidiruv hududiga tibbiy guruh yuborilgan. “Faol qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda va biz barchaning xavfsizligi uchun ibodat qilamiz”, — deb yozgan u Facebook’dagi video postida.
Halokatning aniq sabablari hozircha maʼlum emas. Mahalliy rasmiylar tergov boshlanganini va qutqaruv ishlari kechasi bilan davom etganini maʼlum qilgan.
Source: www.aljazeera.com