Turkiya davlatchiligi va demokratiyasi o‘z tarixidagi eng og‘ir sinovlardan birini 2016-yil 15-iyulida boshdan kechirdi. O‘sha tunda qurolli kuchlar tarkibidagi bir guruh harbiylar hokimiyatni noqonuniy egallashga urinib, Istanbuldagi strategik ko‘priklarni yopib qo‘ygan, Anqarada esa parlament va davlat muassasalariga havodan hujum uyushtirgan. To‘qnashuvlar oqibatida 251 kishi halok bo‘lgan, 2737 kishi jarohatlangan.
Oradan roppa-rosa o‘n yil o‘tib, ushbu voqealar xotirasini yod etish va uning bugungi ahamiyatini o‘rganish maqsadida dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan xalqaro jurnalistlar Turkiyada bo‘ldi. Ular qatorida Gazeta muxbiri ham bor edi. Mamlakat Prezident administratsiyasi huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro media dastur doirasida safarning dastlabki qismi voqealarning siyosiy markazi bo‘lgan Anqarada o‘tdi.
15-iyul kuni kechki payt Anqaradagi maydonda tashkil etilgan “15-iyul 10 yilligi: irodamiz, g‘alabamiz” nomli asosiy xotira tadbirida mamlakat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an rafiqasi Emine Erdog‘an bilan birga ishtirok etdi. Nutq so‘zlagan davlat rahbari o‘sha qonli kechada halok bo‘lgan 251 nafar shahidning haqiga duo qilib, isyonchilarga qarshi turib yaralangan 2737 nafar urush faxriylariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Erdog‘an o‘z nutqida 15-iyul tunida turk millati katta bir tarix yozganini, nafaqat mamlakat ichida, balki xorijdagi va qardosh geografiyalardagi do‘stlar ham o‘sha tunda Turkiya uchun duoda bo‘lganini ta’kidladi. Nutqning eng muhim siyosiy jihatlaridan biri FETÖ terror tashkilotiga qarshi kurash mavzusi bo‘ldi. Erdog‘an tashkilot rahbari vafot etganidan keyin ularning umid va motivatsiyasi so‘nganini, biroq bu holat xotirjamlikka berilishga asos bo‘la olmasligini aytdi.
Istanbul viloyati gubernatorligi binosida gubernator Davut Gul ishtirokida OAV vakillari uchun maxsus brifing tashkil etildi. Tadbirda u 15-iyul — Demokratiya va milliy birdamlik kuni munosabati bilan Istanbulda amalga oshirilgan xavfsizlik choralari, xotira tadbirlari hamda shaharda sodir bo‘lgan tarixiy voqealarning ahamiyati haqida axborot berdi. Gubernatorning ta’kidlashicha, Turkiya asrlar davomida mustahkam davlatchilik va huquqiy an’analarga ega mamlakat hisoblanadi.
“Bu tashkilot a’zolari 40 yil davomida singdirilgan tizim orqali davlatning eng muhim nuqtalariga, jumladan, politsiya va razvedka tizimlariga sizib kirishgan. Ular diniy va insonparvarlik g‘oyalarini niqob qilib, amalda mafiya va razvedka tarmog‘iga o‘xshash usullar bilan harakat qilishdi”, — dedi Davut Gul. “O‘sha tuni siyosiy karashlar, kelib chiqish yoki yoshdan qat’i nazar, barcha fuqarolar — 17-18 yoshli yoshlardan tortib nuroniylargacha bir bayroq ostida jipslashdi. Parlament binosi bombardimon qilinayotgan bir paytda ham muxolifat va hukumat vakillari birgalikda demokratiyani himoya qilib turdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Source: www.gazeta.uz