Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nikaraguaning 80 yoshli prezidenti Daniel Ortega mamlakatda endi saylovlar o‘tkazilmasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Ortega 1979-yildan 1990-yilgacha prezidentlik lavozimida bo‘lgan, 2007-yilda yana ushbu lavozimga saylangan va o‘shandan beri uni tark etmagan. U 2011, 2016 va 2021-yillardagi prezidentlik saylovlarida g‘olib deb e’lon qilingan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, saylovlarning bekor qilinishi muxolifat yo‘llarini yopishga qaratilgan. “Bu yerda ular hukumat va hokimiyatni egallab olishga harakat qilishlari mumkin bo‘lgan saylovlar boshqa bo‘lmaydi. Yankilar va somosachilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan partiyalar hokimiyatga qaytadigan davrlar o‘tdi va boshqa hech qachon takrorlanmaydi”, — dedi u.

O‘tgan yili, Reuters ta’kidlaganidek, Ortega o‘z ayoli Rosario Muriloni “hamprezident” etib tayinlashni va prezidentlik muddatini olti yilgacha uzaytirishni o‘z ichiga olgan bir qator konstitutsiyaviy islohotlar yordamida hokimiyatni yanada mustahkamlagan. Shu tariqa, er-xotin birgalikda hukumatning deyarli barcha jabhalarini, jumladan, armiya va sud tizimini nazorat qilmoqda.

Mamlakatdagi oxirgi saylovlar 2021-yilda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden ma’lum qilganidek, Nikaraguada asossiz bahonalar bilan 40 ga yaqin muxolif siyosatchi, shu jumladan, mamlakat prezidentligiga yetti nafar potensial nomzod ozodlikdan mahrum etilgan, siyosiy partiyalarning ishtiroki esa rasmiylar tomonidan cheklangan, bu esa ovoz berish kunidan ancha oldin uning yakunlarini “soxtalashtirgan”.

Keyinchalik Bayden inson huquqlari buzilgani uchun Nikaragua va Ortegaga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bundan tashqari, AQSh Moliya vazirligi “soxta saylovlar” o‘tkazilgani sababli Nikaragua Bosh prokuraturasi va to‘qqiz nafar amaldorga qarshi sanksiyalar kiritdi.

2025-yilda Murilo Nikaragua “suverenitetiga hurmatsizlik” sababli BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqishga qaror qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT IHK “hukumat ishini obro‘sizlantirish va milliy suverenitetni puchga chiqarishga qaratilgan tuhmat va yolg‘onlarni” tarqatmoqda, shuningdek, o‘zi tashkil etilgan missiyani bajarmayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar muxolifatning hokimiyatga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur. Saylovlar o‘tkazishdan voz kechish qonunchilikda qanday rasmiylashtirilishiga Ortega aniqlik kiritmadi.

Source: www.gazeta.uz