Hindistonning shimoliy-sharqidagi Sikkim shtatida gidroelektr stansiyasi qurilishi chog‘ida tunnelda sodir bo‘lgan portlash natijasida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana 17 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda rasmiylar ma’lum qildi.
Portlash dushanba kuni Himoloy tog‘larida, Butan va Tibet chegarasi yaqinidagi Samardung qishlog‘ida yuz berdi. Qurilish ishlari Teesta daryosidagi 500 megavattlik davlat loyihasi doirasida olib borilayotgan edi.
Omon qolganlarning aytishicha, ular kuchli portlash ovozi eshitgan, so‘ngra tunnelga vayronalar qulab tushgan va ko‘plab ishchilar ichkarida qolib ketgan. NHPC kompaniyasi portlashga tunneldagi toshlarda to‘plangan metan gazi sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Voqea haqida xabar tarqalgach, NHPCning olti nafar xodimi qutqaruv ishlariga yordam berish uchun tunnelga kirgan, biroq ular ham ichkarida qolib ketgan. Mahalliy politsiya boshlig‘i Sonam Dolma 10 ta jasad topilganini, 17 kishi esa hali ham yo‘qolganligini aytdi.
Milliy tabiiy ofatlarga qarshi kurash kuchlari (NDRF) tunnelda metan, uglerod oksidi va vodorod sulfidi kabi zaharli gazlar to‘plangani sababli qutqaruv ishlarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. NDRF xodimi Nitin Kumar maxsus nafas olish uskunalari yordamida qidiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Hindistonda, ayniqsa Himoloy mintaqasida qurilishdagi baxtsiz hodisalar tez-tez uchraydi. 2023-yilda Uttarakand shtatida tunnel qulashi natijasida 41 ishchi 17 kun davomida qamalib qolgan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Teesta daryosi havzasi seysmik faol zonada joylashgan bo‘lib, yosh va mo‘rt tog‘ jinslari gaz to‘planishiga moyil.
Source: www.aljazeera.com