Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fransiya parlamenti 21-iyul kuni 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi, deya xabar bermoqda Le Monde. Fransiya Yevropa Ittifoqida bunday cheklov joriy etilgan birinchi mamlakat bo‘ldi.

Qonun parlamentning har ikki palatasi tomonidan qabul qilindi: Senatda 243 ta va Milliy majlisda 279 ta “ma’qullovchi” ovoz berildi.

Tashabbusni faol ilgari surgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ushbu qarorni olqishladi. “Bu oldinga qo‘yilgan muhim qadam. Bolalarimiz va o‘smirlarimizni himoya qilish haqida gap ketganda, Fransiya Yevropada peshqadamlik qilmoqda. Biz oldinga harakat qilishda davom etamiz”, — dedi u qonun qabul qilinganidan keyingi videomurojaatida.

O‘zgarishlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanadi. 2027-yil 1-yanvargacha platformalar 15 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga tegishli mavjud profillarni o‘chirib tashlashlari shart bo‘ladi. Yoshni tekshirish uchun platformalar Fransiyaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha regulyatori tomonidan tasdiqlangan vositalardan foydalanishi kerak, deya aniqlik kiritadi Reuters.

Le Monde nashrining qayd etishicha, qonunda ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxati keltirilmagan, ammo cheklovlar ostiga katta ehtimol bilan TikTok, Instagram va Snapchat tushadi. Hujjatda, shuningdek, “onlayn ensiklopediyalar” yoki “ta’lim va ilmiy ma’lumotnomalar” kabi bir nechta istisnolar ham tilga olingan.

Source: www.gazeta.uz