Meksikaning Sinaloa shtatidagi Kuliakan shahrida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo'lgan influencer Sezar Gastelum jonli efir vaqtida otib o'ldirildi. Bu voqea butun mamlakatni larzaga soldi.
Gastelum TikTok’da 600 mingga yaqin obunachiga ega bo‘lib, asosan komediya kontenti bilan tanilgan edi. U do‘stlari bilan tez ovqatlanish restorani oldida jonli efir olib borayotgan edi. Ularning barchasi videodagi topshiriq sifatida yetkazib beruvchi kiyimida edi.
Jonli efir davomida mototsiklda ikki kishi ularning yoniga kelib to‘xtadi. Videoda mototsikl haydovchisi Gastelumning boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzgani ko‘rinadi. Shu zahoti efir uzilib qolgan.
Mahalliy hokimiyat Gastelumning o‘limini tasdiqladi va yirik xavfsizlik operatsiyasi boshlanganini ma’lum qildi. Hodisa joyida askarlar va politsiya xodimlari, shuningdek, sud-tibbiyot ekspertlari ishlagan.
Dastlab politsiya jabrlanuvchini yetkazib beruvchi deb hisoblagan, biroq keyinchalik video va guvohlarning ko‘rsatmalari tufayli uning shaxsi aniqlandi. Gastelum taxminan 25 yoshda edi.
Kuliakan shahri so‘nggi ikki yil davomida narkokartellar o‘rtasidagi ichki kurash tufayli zo‘ravonliklar girdobida. Mahalliy matbuotda so‘nggi yillarda Sinaloada jinoyatchilar bilan aloqador bo‘lgan bir qancha influencerlar o‘ldirilgani haqida xabarlar chiqqan.
Bu voqea 2025-yil may oyida go‘zallik influenceri Valeriya Markesning sartaroshxonada jonli efir vaqtida otib o‘ldirilishini eslatadi. Uning o‘limi femitsid sifatida tekshirilgan.
Iyul oyida Jalisko shtatida Ramon Anxel Alvares Ayala ismli shaxs hibsga olingan. U “El R-1” nomi bilan tanilgan va Jalisko Yangi Avlod Karteli (CJNG) bilan bog‘liq jinoyatchilar guruhining rahbari sifatida ta’riflangan. U Markesning o‘limida ishtirok etgani aytilmoqda.
Source: www.dw.com