Amaldagi Formula 1 chempioni Lando Norris McLaren jamoasi bilan shartnomasini uzaytirib, 2030-yilgacha jamoada qolishini tasdiqladi. Yangi kelishuv shanba kuni e'lon qilindi va bu Norrisning kelajagi haqidagi savollarga nuqta qo'ydi.
Ushbu shartnoma Norrisning Gollandiya Gran-prisida qo'lga kiritgan navbatdagi g'alabasidan so'ng e'lon qilindi. Bu uning chempionlik unvonini himoya qilish umidini yanada kuchaytirdi. McLaren ma'lumotlariga ko'ra, shartnomada 2030-yildan keyin ham ko'p yillik uzaytirish imkoniyati mavjud.
26 yoshli Norris o'tgan mavsumda McLarenga 2008-yilda Lyuis Xemilton qo'lga kiritganidan beri birinchi chempionlik unvonini olib kelgan edi. U 2017-yilda McLarenning yoshlar dasturiga qo'shilgan va 2019-yilda Formula 1dagi debyutini amalga oshirgan.
Norris jamoa bayonotida: "McLaren mening uyim va men 2030-yilgacha jamoada qolish uchun yangi shartnoma imzolaganimdan juda mamnunman. To'qqiz yil oldin bu yo'lni boshlaganimda, aniq maqsadlarim bor edi: McLarenga oldingi o'rinlarga qaytish va chempionlikni qo'lga kiritish. Biz bu maqsadga erishdik, lekin biz ko'proq narsani xohlaymiz, g'alaba qozonishda davom etishni xohlaymiz", dedi.
Hozirgi mavsumda Norris chempionatda to'rtinchi o'rinda bormoqda va Mercedes haydovchisi Kimi Antonellidan 83 ochko ortda qolmoqda. Mavsumda yana 11 poyga qolgan. Uning jamoadoshi Oskar Piastri ham 2025-yil boshida shartnomasini uzaytirgan edi.
McLaren 2024 va 2025-yillarda konstruktorlar chempionligini qo'lga kiritdi, ammo bu mavsum boshida yangi qoidalarga moslasha olmay, kutilgan natijani ko'rsatmagan edi. Biroq Norrisning Vengriya va Gollandiyadagi g'alabalari jamoa hali ham kurashga qodirligini ko'rsatdi.
Jamoa rahbari Andrea Stella Norrisni "ajoyib haydovchi" deb atadi va uning tezligi, yetukligi va jamoaga sadoqatini yuqori baholadi. Shuningdek, Stella Norris va Piastri juftligini Formula 1dagi eng kuchli va birlashgan juftliklardan biri deb hisoblaydi.
McLaren Norrisga o'tgan yili chempionlikni qo'lga kiritgan MCL39 avtomobilini sovg'a qilishini ham ma'lum qildi. Bu Norris uchun yana bir hurmat belgisi bo'ldi.
Source: www.aljazeera.com