Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi doirasida FIDE Kongressi ham o‘tkazilmoqda. Uning eng muhim voqealaridan biri Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbariyatiga saylovlardir. Prezident va uning o‘rinbosari uchun ovoz berish jarayoni 26-sentabr kuni Bosh assambleyada bo‘lib o‘tadi. Prezident va uning o‘rinbosari yagona juftlik asosida saylanadi, Bosh assambleyada ishtirok etayotgan har bir milliy federatsiya esa bittadan ovozga ega.
Saylovga uchta nomzodlar juftligi qo‘yilgan. 2022-yilda qayta FIDE prezidenti etib saylangan Arkadiy Dvorkovich Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgach, 23-iyul kuni o‘z vakolatlarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatdi. Prezident vazifasini bajarish vaqtinchalik Anandga yuklatildi. U mazkur saylovda Turlov bilan birga prezident o‘rinbosari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda. Dvorkovich esa nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmadi.
Gazeta muxbiri Georgiy Shvanov prezidentlik lavozimiga nomzodlardan biri — germaniyalik tadbirkor, WR Chess asoschisi hamda WR Group Holding boshqaruvi raisi Vadim Rozenshteyn bilan suhbatlashdi. U rapid va blits bo‘yicha jamoaviy Jahon chempionati tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan, WR Chess Masters turnirlarini o‘tkazgan va WR Women’s Chess Tour seriyasini yo‘lga qo‘ygan. Intervyuda Rozenshteyn saylovda qatnashishga nega qaror qilgani, FIDEda nimalarni o‘zgartirmoqchi ekani, shaxmatga yangi auditoriya hamda homiylarni qanday jalb qilmoqchiligi haqida so‘zlab berdi, qolaversa, sportdagi siyosat, chiterlik, kibersport va shaxmatning istiqboli xususida fikr bildirdi.
Rozenshteyn shaxmatga bo‘lgan mehrini bolaligidan boshlanganini aytdi: “Shaxmat mening eng sevimli hobbimga aylangan va hozirgacha shunday bo‘lib qolmoqda. O‘ynashni menga bobom o‘rgatgan. Keyinchalik, Germaniyada 5-sinfda o‘qib yurgan paytimda bizga shaxmat to‘garagiga qatnashishni taklif qilishdi. O‘shandan beri shaxmatni juda yaxshi ko‘rib qoldim, maktab musobaqalarida qatnashdim, so‘ng bir klub tarkibiga kirib, u bilan Germaniya chempionatida g‘olib chiqdik”. U shaxmatning tafakkurni rivojlantirish, qaror qabul qilish, taktik va strategik fikrlash, intizom shakllantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Nomzod o‘z dasturida FIDEning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy IT yechimlarni joriy etish, xodimlar uchun KPI tizimini o‘rnatish, kommunikatsiyani yaxshilash va tashkilotni mustaqil, professional tuzilmaga aylantirishni maqsad qilgan. Shuningdek, u shaxmatga yangi homiylar va kompaniyalarni jalb qilish, marketing bo‘limini tashkil etish, shaxmatni 600 million o‘ynovchidan yanada ommalashtirish niyatida. “Men sayyoramiz aholisining kamida yarmi shaxmat o‘ynashini istardim”, dedi Rozenshteyn.
U shaxmatning nafosatini saqlab qolish bilan birga, uni barcha uchun ochiq qilish kerakligini aytdi: “Agar kishining smoking kiyishga qurbi yetmasa, bu uning shaxmat o‘ynay olmasligini anglatmaydi. Yoshlar uchun intilish mumkin bo‘lgan maqsad — elita sporti mavjud bo‘lishi muhim”. Rozenshteyn shaxmatni Olimpiya sport turiga aylantirishga qat’iy ishonishini bildirdi va bu borada jamoasida turli mamlakatlar milliy Olimpiya qo‘mitalari a’zolari borligini qayd etdi.
Sportdagi siyosat haqida gapirar ekan, Rozenshteyn shaxmat xalqlarni birlashtirishi kerakligini, ammo FIDE xalqaro sport hamjamiyatining bir qismi sifatida sudlar, qonunlar va qoidalarga bo‘ysunishi shartligini ta’kidladi: “Afsuski, bugun hatto og‘ir bo‘lsa ham ana shu qarorlar va qoidalarga amal qilishga majburmiz”. U Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sport siyosatdan xoli bo‘lishi kerakligi haqidagi tavsiyalariga ergashish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Chiterlik masalasiga to‘xtalar ekan, Rozenshteyn oflayn musobaqalarda FIDEning Halol o‘yin komissiyasini tegishli uskunalar bilan ta’minlash va nazoratni barcha qit’alarda odatiy amaliyotga aylantirish zarurligini aytdi. Onlayn musobaqalar murakkabroq ekanini tan olib, platformalar matematik hisob-kitoblar yordamida chiterlikni aniqlash ustida ishlayotganini, ammo muammo to‘liq hal etilmaganini qayd etdi. Kibersportni esa istiqbolli yo‘nalish deb atadi: “Shaxmat bo‘yicha kibersport tadbirlari juda muhtasham o‘tadi: muhit futbol stadionini eslatadi, odamlarda juda ko‘p ijobiy his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi”.
Rozenshteyn shaxmatning kelajagini tezkor formatlar bilan bog‘ladi va FIDE ni eng ko‘p a’zoga ega tashkilotga aylantirishni istashini bildirdi. “Shaxmatni har qanday yoshda, har qanday saviyada va istalgan joyda — samolyotda ham, hordiq chiqarayotganda ham o‘ynash mumkin. Ushbu sport turi imkon qadar ko‘proq insonlarni birlashtirishi kerak”, dedi u. Gazeta yana bir nomzod — qozog‘istonlik tadbirkor, Freedom Holding Corp. asoschisi Timur Turlovga ham intervyu berishni taklif qildi.
Source: www.gazeta.uz