Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlash chog‘ida zalni o‘nlab delegatlar tark etdi. Bu voqea Netanyahu minbarga chiqishi bilan yuz berdi: bir vaqtning o‘zida ham qo‘llab-quvvatlash, ham norozilik hayqiriqlari yangradi, ko‘plab delegatlar esa yoppasiga o‘z o‘rinlarini tark eta boshladi.

Netanyahu chiqib ketganlarni "ma'naviy qo‘rqoqlar" deb atadi va "Agar zalda hali ham chiqib ketmagan boshqa ma'naviy qo‘rqoqlar qolgan bo‘lsa, marhamat, hoziroq chiqib keting", dedi. U Isroilga nisbatan G‘azo sektorida genotsid sodir etish bo‘yicha qo‘yilayotgan ayblovlarni "asrning eng katta yolg‘oni" deb ta'kidladi. Shuningdek, u AQShning Eronga qarshi urushiga qo‘shilish o‘zi qabul qilgan "eng oson qarorlardan biri" bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Netanyahu kurashni davom ettirishga va'da berdi: "Biz g‘alaba qozonamiz. Bizda boshqa chora yo‘q". U o‘z nutqida Isroilning Eron, G‘azo va Yaqin Sharqning boshqa hududlaridagi harbiy kampaniyalarini keskin himoya qildi. "Ular Isroilni, jajji Isroilni mustamlakachilikda ayblamoqda — qanaqasiga mustamlakachilik bo‘lsin? Bizni kim ayblayapti o‘zi? Ular orasida Britaniya va Fransiya vakillari bor. Xudo xayringizni bersin, bu atamani axir sizlar o‘ylab topgansizlar-ku!" — dedi u.

Shundan so‘ng u Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘anni Falastinning HAMAS guruhini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, uni "mustabid" deb atadi. Erdog‘an oldinroq BMT minbaridan turib, G‘azo va G‘arbiy sohil aholisi duch kelayotgan adolatsizliklar "insoniyat vijdonini qattiq larzaga solayotganini" aytgandi. Netanyahu, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampga uning "qat'iy yetakchiligi" uchun minnatdorlik bildirdi va "Isroil va Amerika nafaqat o‘zlarini himoya qilish, balki sivilizatsiyani asrab qolish yo‘lida ham hamkorlikda harakat qildi", deya qo‘shimcha qildi.

Associated Press agentligining qayd etishicha, Falastin rahbari Mahmud Abbos ham o‘sha kuni BMTda nutq so‘zlagan, biroq u buni videoaloqa orqali amalga oshirgan — AQSh unga Bosh assambleyada shaxsan ishtirok etishi uchun ikkinchi yil ketma-ket viza berishni rad etgan. Mahmud Abbos videomurojaatida BMTga Isroil siyosati, xususan, bosib olingan G‘arbiy sohilda yahudiy aholi punktlarining noqonuniy kengaytirilishi "falastinliklarning o‘z ona zaminidagi hayoti va mavjudligiga" tahdid solayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u bu holat Isroil va Falastin o‘rtasidagi tinchlik formulasi sifatida xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanadigan "ikki davlat" yechimini xavf ostiga qo‘yayotganini bildirdi. Abbosning qayd etishicha, G‘azodagi falastinliklar Isroil harbiylari tomonidan "qirg‘in, vayronagarchilik, ochlik va majburiy ko‘chirish urinishlari, shuningdek, genotsid urushi"ga duchor bo‘lmoqda.

Nyu York shahrining so‘l qanot meri Zohran Mamdani ham Isroil yetakchisining tanqidiga uchradi. "Siz ushbu shahar meri etib saylanganingizdan beri ko‘plab yahudiylar Nyu Yorkda o‘zlarini xavfsiz his qilmay qo‘ydi", — dedi Isroil bosh vaziri. Bunga javoban Mamdani idorasi Netanyahu "o‘z nutqidan falastinliklarga qarshi genotsidini oqlashga qaratilgan asossiz yolg‘onlarni takrorlash uchun foydalanganini" bayon qildi.

Source: www.gazeta.uz