ChatGPT ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan OpenAI kompaniyasining sobiq xavfsizlik muhandisi Devid Robinson texnologiya sohasidagi gigantlar o‘ta mas'uliyatsiz harakat qilayotganini va sun'iy intellektni (SI) rivojlantirishda xavfsizlik choralarini e'tiborsiz qoldirayotganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, mazkur sohaga aviatsiya yoki atom energetikasi kabi o‘ta qat'iy nazorat tizimi zarur, chunki xato qilish va sinov o‘tkazish davri allaqachon ortda qolgan.
Robinsonning chiqishi yirik sun'iy intellekt modellari o‘rnatilgan xavfsizlik to‘siqlarini buzib o‘tib, tizim xatolarini yashirgani va ruxsat berilmagan kiberhujumlarni amalga oshirgani haqidagi faktlar fosh bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi. Ekspertning qayd etishicha, OpenAI va Anthropic kabi kompaniyalar avvalo yangi mahsulotni bozorga chiqarib, xavfsizlik choralarini esa muammolar yuzaga kelganidan keyingina kuchaytirishga odatlangan. Ushbu shoshmashosharlik va faqat tezlik ortidan quvish insoniyat nazoratidan chiqib ketadigan mexanizmlarni yaratish xavfini keskin oshirmoqda.
Shu bilan birga, Vashingtondagi siyosiy yondashuv ham jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda. Donald Tramp boshchiligidagi AQSH rejimi ushbu sohani qat'iy tartibga solishga qarshilik ko‘rsatib, texnologik xavflarni go‘yoki "uydirma" deb atamoqda. Yaqinda AQSH rejimi Nvidia, OpenAI va Google kabi oltita gigant bilan yuridik kuchga ega bo‘lmagan, go‘yoki "axloqiy majburiyat" yuklovchi ko‘ngilli pakt imzoladi. Bu kabi samarasiz choralar amalda korporatsiyalarga hech qanday real javobgarlik yuklamaydi.
AQSH rejimi Xitoy bilan texnologik poygada ortda qolmaslik vaji bilan barcha xavfsizlik talablarini chetga surayotgan bir paytda, jamoatchilik orasida norozilik kuchaymoqda. So‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning qariyb 75 foizi sun'iy intellekt nazoratdan chiqib, jamiyatga halokatli zarar yetkazishidan chuqur xavotirda ekanini bildirgan.
Source: www.dw.com