Rim papasi Leo XIV Rimdagi Avliyo Pyotr maydonida o'tkazilgan an'anaviy yakshanba kungi ibodati chog'ida yaqin kunlarda jarrohlik amaliyotini boshdan kechirishini e'lon qildi. Pontifikning so'zlariga ko'ra, tibbiy ko'rik jarayonida uning o'pka to'qimasida boshlang'ich bosqichdagi tugun aniqlangan va shifokorlar zudlik bilan aralashish zarur degan xulosaga kelishgan.
Yetmish bir yoshli pontifik yig'ilgan ziyoratchilarni xotirjam qilishga urinib, o'simta yaxshi cheklangani va uni erta bosqichda aniqlashga muvaffaq bo'linganini ta'kidladi. Muqaddas taxt matbuot xizmati vakili Matteo Brunining ma'lum qilishicha, operatsiya kelasi haftaning boshida Rimdagi Gemelli kasalxonasida o'tkazilishi rejalashtirilgan va papa taxminan bir hafta davomida tibbiy nazorat ostida tiklanishi kutilmoqda.
Mazkur xabardan so'ng xalqaro miqyosda turli siyosiy arboblar o'z munosabatlarini bildirishdi. Jumladan, Italiya bosh vaziri Giorgia Meloni va prezident Sergio Mattarella pontifikga tezroq sog'ayishni tilab murojaat qilishdi. Shuningdek, Isroil rejimi rahbari Isaac Herzog ham Rim papasining tez fursatlarda sog'ayib ketishini istagan.
Eslatib o'tamiz, Robert Frensis Provost ismli amerikalik din arbobi 2025 yilda pontifik etib saylangan edi. Shifokorlarning qat'iy aralashuviga qaramay, Papa Leo noyabr oyiga rejalashtirilgan Urugvay, Argentina va Peruga tashriflari o'z kuchida qolishini tasdiqladi va dunyo hamjamiyatini tinchlikka chaqirishda davom etmoqda.
Source: www.bbc.co.uk