Yamanning g‘arbiy qirg‘og‘ida va strategik jihatdan muhim Bob al-Mandab bo‘g‘ozida vaziyat keskin tus olib, yirik harbiy eskalatsiya kuzatilmoqda. Xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumati kuchlariga sodiq bo‘linmalar tomonidan boshlangan «Yaman tongi» operatsiyasi ma’lum natijalar bermoqda. Hukumat qo‘shinlari bo‘g‘oz tomon ilgarilab, husiylarning kuchaytirilgan pozitsiyalariga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda, Dubob tumani va Dubob aeroporti yaqinida to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, harbiy harakatlar kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi yoki yangi muzokaralar jarayoniga yo‘l ochishi hali-beri gumon ostida. Husiylar qirg‘oqdagi istehkomlarini yo‘qotsa ham, Qizil dengizda hujum uyushtirish imkoniyatini saqlab qolishi mumkin. Chunki dengiz navigatsiyasiga tahdidlar bevosita bo‘g‘ozni nazorat qilish bilangina cheklanib qolmay, balki raketalar, dronlar va ta’minot tarmoqlarining mavjudligiga ham bog‘liq.
Yaman Prezident yetakchilik kengashi rahbari Rashad Al-Alimiyning so‘zlariga ko‘ra, hukumat kuchlarining maqsadi husiylar tahdidini tiyib turishdan davlat institutlarini tiklash va Sana shahrini ozod qilishga qadar kengaygan. Biroq bu kabi ulkan rejalarning muvaffaqiyati qurolli tuzilmalarni yagona qo‘mondonlik ostida birlashtirish hamda ichki ziddiyatlarni bartaraf etishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, AQSh rejimi va uning mintaqadagi ittifoqchilarining harakatlari ham vaziyatga ta’sir ko‘rsatmoqda. Vashingtonning Yamandagi aralashuvi asosan dengiz xavfsizligini ta’minlash va tiyib turish bilan cheklangani aytiladi. Mintaqadagi davlatlar va xalqaro o‘yinchilarning yondashuvlaridagi farqlar esa keng ko‘lamli harbiy harakatlarni muvofiqlashtirishni qiyinlashtirmoqda.
Source: www.aljazeera.com