Shvetsiyalik iqlim faoli Greta Tunberg Fransiyada maktab va universitetlar atrofida avj olayotgan norozilik to‘lqiniga qo‘shildi. U seshanba kuni ertalab harakatning markazlaridan biriga aylangan Parij shimolidagi Sen-Deni chekkasida joylashgan Pol Elyuar litseyiga yetib kelib, e’tiroz bildirayotgan o‘quvchilar safiga kirdi. U yerda so‘zlagan faol o‘smirlar va talabalarning ovozi inobatga olinmayotgani, ularning kelajagi esa qo‘ldan boy berilayotganini ta’kidladi.
Mazkur ommaviy g‘alayonlar Fransiya rejimining ijtimoiy sohadagi muammolarni bartaraf eta olmayotgani fonida o‘tgan oy oxirida alangalangan edi. Talabalar ta’lim muassasalarining nochor ahvoli, o‘qituvchilarning surunkali yetishmasligi va haddan tashqari tirband jadvallardan qattiq norozi. Mamlakat bo‘ylab yuzlab ta’lim o‘choqlari oldida to‘siqlar o‘rnatilgan va axlat qutilari ag‘darib tashlangan bo‘lib, o‘tgan haftadagi aksiyalarda 70 mingdan ortiq kishi ko‘chalarga chiqqani vaziyatning naqadar tarangligini ko‘rsatadi.
Parij rejimining namoyishchilarga nisbatan qo‘llayotgan qattiqqo‘l choralari hamda politsiyaning shafqatsiz xatti-harakatlari jamiyatda katta rezonans uyg‘otmoqda. Hatto advokatlar mantiyalarda o‘smirlarni politsiya zo‘ravonligidan himoya qilish uchun inson zanjirini hosil qilishga majbur bo‘lishdi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar boshlangandan buyon 6 800 dan ziyod odam, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar, rejim kuchlari tomonidan hibsga olingan. Shuningdek, xavfsizlik kuchlariga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha kamida 24 ta tergov boshlangan.
Fransiya rejimining ta’lim vazirligi mamlakat bo‘ylab 200 ga yaqin maktab to‘sib qo‘yilgani yoki yopilganini tan oldi. Fransiya rejimi rahbari Emmanuel Makron esa go‘yoki vaziyat muloqot va bosiqlikni talab qilishini iddao etib, yoshlarni ehtiyotkorlikka chaqirishga urindi. Biroq kasaba uyushmalari va muxolifat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ushbu to‘lqin yaqin kunlarda yashash narxining oshishiga qarshi yanada kengroq xalq qo‘zg‘oloniga aylanib ketishi kutilmoqda.
Source: www.aljazeera.com