Yangi o'tkazilgan umummilliy so'rov natijalariga ko'ra, aksariyat amerikalik kattalar AQSh rahbari Donald Trump 2025 yilda Oq uyga qaytganidan beri mamlakat manfaatlaridan ko'ra o'zining va yaqin atrofdagilarining shaxsiy moliyaviy manfaatlarini ustun qo'yganiga ishonishmoqda. Associated Press-NORC markazi tomonidan e'lon qilingan tadqiqot shuni ko'rsatadiki, respublikachi rahbarning siyosatiga nisbatan jamoatchilik munosabati o'ta tanqidiy ruhda shakllanmoqda.
So'ralganlarning yarmidan ko'pi Trumpning ikkinchi muddatini o'z biznesini rivojlantirishga qaratilgan deb baholamoqda. Taxminan to'rtdan bir qismi uning milliy manfaatlarga e'tibor qaratishiga ishonishi bildirilsa, atigi 11 foizgina fuqarolar Trump oddiy amerikaliklarning manfaatlarini himoya qiladi deb o'ylaydi. Hatto so'rovda qatnashgan respublikachilarning 55 foizi ham Trump shaxsiy biznes manfaatlariga jiddiy e'tibor qaratayotganini tan olgan.
Ma'lum qilinishicha, Trumpning oilaviy biznesi yangi loyihalar orqali rekord darajadagi mablag'larni jalb qilmoqda. Xususan, uning siyosati natijasida kriptovalyuta sohasidagi tartibga solish mexanizmlari yumshatilib, bir milliard dollardan ortiq mablag' uning biznes imperiyasiga oqib kelgani aytiladi. Shuningdek, xalqaro ko'chmas mulk bitimlari ham shubhalarga sabab bo'lmoqda.
AQSh rejimi ma'muriyati esa ushbu moliyaviy ziddiyatlarga oid xavotirlarni bir necha bor rad etib, rahbar faqatgina amerikaliklar manfaati yo'lida harakat qilishini iddao qilmoqda. Biroq, sentyabr oyi oxirida o'tkazilgan boshqa bir so'rov natijalariga ko'ra, chuqur tangliklar va Eron mojarosi fonida Trumpning reytingi keskin pasayib ketgani qayd etilgan.
Source: www.aljazeera.com