Sudan Qurolli Kuchlari va Tezkor harakat kuchlari o'rtasidagi uch yildan ortiq davom etayotgan qurolli to'qnashuv mamlakatda chuqur siyosiy va gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. Harbiy harakatlar nafaqat vayronagarchiliklarga, balki jamiyatning batamom parokanda bo'lishiga olib keldi, bu esa zudlik bilan siyosiy yechim topish zaruriyatini taqozo etmoqda.
Shu fonda, August oyida Ahfad universiteti rektori Qosim Badriy boshchiligidagi 19 nafar sudanlik jamoat arboblaridan iborat qo'mita mamlakat ichida milliy muloqotga zamin taysharlash maqsadida yangi tashabbusni ilgari surdi. Qo'mita vakillari armiya qo'mondoni general Abdel Fattah al-Burhon bilan uchrashib, muxolifatdagi siyosatchilarga nisbatan qo'yilgan huquqiy cheklovlarni olib tashlashni talab qilishdi. Natijada, rasmiylar chet eldan qaytayotgan siyosiy faollar ishini yengillashtirish va ularga vaqtinchalik himoya berish bo'yicha farmon chiqardi.
Biroq mazkur tashabbus muxolifatdagi fuqarolik koalitsiyasi Sumoud hamda RSF bilan aloqador Ta’sis alyansi tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ularning fikricha, armiya nazoratidagi hududlarda o'tkazilayotgan bunday muloqot al-Burhon hokimiyatini qonuniylashtirib qo'yishi va mamlakatdagi bo'linishlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Shunga qaramay, qo'mita ularning vazifasi kelajakdagi muzokaralar kun tartibini belgilash emas, balki siyosiy kuchlarning o'zaro muloqot qilishlari uchun sharoit yaratishdan iborat ekanligini ta'kidlamoqda.
Afrika Ittifoqi Komissiyasi va Arab Davlatlari Ligasi mazkur tashabbusni qo'llab-quvvatlagan bo'lsa-da, uning muvaffaqiyati nafaqat rasmiy qadamlarga, balki barcha siyosiy kuchlar va qochqinlar ishtirokini ta'minlay olishiga bog'liq. Hozircha tanqidchilar shubha bilan qarayotgan bo'lsa-da, tashabbusni oldindan rad etish mamlakatni tinchlikka olib keluvchi yana bir imkoniyatdan mahrum qilishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com