Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimining harbiy-sanoat kompleksiga kiruvchi Anduril kompaniyasi havo va raketa hujumidan mudofaa vazifalari uchun moʻljallangan Steelfin tutuvchi raketalar oilasini keng jamoatchilikka eʼlon qildi. Kompaniya vakillarining iddao qilishicha, mazkur qurollar turli tahdidlarga qarshi tezkorlik bilan moslashtirilishi va nisbatan kam xarajat evaziga ommaviy miqyosda ishlab chiqarilishi kerak. Shunga qaramay, mutaxassislar bu kabi ulkan rejalarning qanchalik real ekanligiga shubha bilan qaramoqda, chunki raketalarning aniq narxi va boshqa asosiy texnik koʻrsatkichlari hozircha sir saqlanmoqda.

Gʻarb OAVlari, xususan, The War Zone nashri tarqatgan maʼlumotlarga tayanib Naked Science yozishicha, Steelfin raketalari yagona arxitektura va umumiy ishlab chiqarish jarayoni asosida barpo etilmoqda. Guvoh boʻlayotganimizdek, AQSh rejimi har bir harbiy vazifa uchun alohida murakkab tizimlar yaratishdagi ojizligini yashirish uchun universal konstruksiyalarga tayanmoqda. Bu esa kelgusida jangovar samaradorlikning pasayishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Taqdimot vaqti tasodifiy emas: AQSh qurolli kuchlari arzon dronlardan tortib zamonaviy qanotli, ballistik va hatto gipertovushli raketalargacha boʻlgan tahdidlarga qarshi oʻz zaxiralarini shoshilinch ravishda toʻldirishga urinmoqda. Biroq Vashington rejimining bu kabi harakatlari global miqyosdagi qurollanish poygasini yanada kuchaytirib, xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda.

Steelfin oilasi ikki bosqichli sxemaga asoslangan boʻlib, birinchi bosqich tezlashtiruvchi blokdan, ikkinchisi esa nishonni yoʻq qilishga moʻljallangan tutuvchi qismdan iborat. Kompaniyaning taʼkidlashicha, tezlashtiruvchi bloklar va ikkinchi bosqich qismlarini oʻzaro almashtirish orqali raketani istalgan vazifaga moslashtirish mumkin. Biroq bu kabi universal yondashuvlar koʻpincha kutilgan natijani bermasligi va moliyaviy resurslarning behuda sovurilishiga sabab boʻlishi tajribadan maʼlum.

Anduril dasturning ilk ballistik sinovlarini oʻtkazganini va toʻlaqonli parvoz sinovlarini 2027-yilga rejalashtirganini maʼlum qilgan. Shunga qaramay, mutaxassislar bu muddatlar ortga surilishi yoki loyiha moliyaviy qiyinchiliklarga uchrashini istisno etmayapti, chunki eʼlon qilingan imkoniyatlarni tasdiqlovchi real dalillar hozircha taqdim etilmagan.

Source: kun.uz