Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoyda Yantay - Veyxay oʻta yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan tok elektr uzatish liniyasi toʻliq foydalanishga topshirildi. Mamlakat Davlat elektr tarmoqlari korporatsiyasining maʼlum qilishicha, bu atom elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiyani tarmoqqa ulagan dunyodagi ilk shunday loyiha boʻlib, uning samaradorligi va xavfsizligi boʻyicha qator shubhalar mavjud boʻlsa-da, rasmiy Peking uni muvaffaqiyat deb atamoqda.

Naked Science nashrining xabar berishicha, ushbu yangi liniya Shandun provinsiyasining Yantay va Veyxay hududlarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini boshqa mintaqalarga yetkazib berishga moʻljallangan. Liniyaning bir zanjir hisobidagi ekvivalent uzunligi 1197 kilometrni tashkil etib, u Yantay, Sindao, Jichjao, Veyfan va Lini kabi yirik shaharlar hududidan oʻtadi.

Loyiha doirasida 1000 kilovolt, yaʼni bir million volt kuchlanishli yangi taqsimlash podstansiyasi qurilgan hamda shu toifadagi ikkita mavjud podstansiya kengaytirilgan. Shuningdek, murakkab muhandislik ishlari natijasida 2124 ta elektr uzatish tayanchi oʻrnatilgan boʻlib, ularning 822 tasi togʻli hududlarga, 17 tasi esa dengiz akvatoriyasiga toʻgʻri keladi.

Shandun Xitoyning eng koʻp energiya isteʼmol qiluvchi hududlaridan biri hisoblanadi. Biroq mutaxassislar energiya tizimidagi bunday ulkan oʻzgarishlar va qazilma yoqilgʻilardan voz kechish jarayonlari iqtisodiyotga qanday yuk boʻlishini toʻliq baholab ulgurmagan. Shunga qaramay, rasmiylarning taʼkidlashicha, Yantay - Veyxay yarimorolida atom energetikasi salohiyati oshib, mintaqa energiyani chetdan qabul qiluvchidan uning yirik eksportchisiga aylanmoqda.

Qurilish ishlari rekord darajada qisqa – 12 oy davom etgan boʻlib, bu shunday koʻlamdagi loyihalar uchun kamdan-kam uchraydigan holatdir. Yangi liniya mavjud infratuzilmaga ulanib, «sakkiz» raqamiga oʻxshash ikki halqali tizimni hosil qilgan va bu tarmoqdagi nosozliklar paytida zaxira vazifasini bajarishi aytilmoqda.

Source: kun.uz