️ Quddus sharqidagi Jabal al-Boba kichik ko‘chmanchilar jamoasida yashovchi falastinliklar kundalik hayotining deyarli har bir jabhasi Isroil tomonidan nazorat qilinadi. Bunga uy qurish, suvdan foydalanish va erkin harakatlanish ham kiradi. Isroilda oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda G‘arbiy Sohildagi uch millionga yaqin falastinliklar o‘z hayotini boshqaradigan hukumatni tanlash huquqidan mahrum, holbuki hududdagi noqonuniy posyolkalarda yashovchi 700 mingdan ortiq yahudiy ko‘chmanchilari ovoz berishda qatnashishi mumkin.
️ Mahalliy jamoat vakili Atallah al-Jahalinning so‘zlariga ko‘ra, isroillik harbiylar va siyosatchilar ularni go‘yo mavjud bo‘lmagandek tutishadi. “Sizda ovoz berish huquqi yo‘q. Demokratik davlatda bo‘lishi kerak bo‘lgan huquqlardan mahrumsiz”, deydi u. Jabal al-Boba C zonasida joylashgan bo‘lib, bu hudud G‘arbiy Sohilning 60 foizini tashkil qiladi va to‘liq Isroil nazorati ostida qolmoqda. Bu yerda yashovchi qabilalar asosan chodir va metall plitalardan yasalgan uylarda istiqomat qiladi.
️ Isroil rejimi rasmiylari falashinliklarga uy, ko‘cha yoki maktab qurishni qat’iy taqiqlab qo‘ygan. BMT va huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, C zonasida ruxsatnomalar olish deyarli imkonsiz bo‘lib, arizalarning 99 foizidan ortig‘i rad etiladi. Shu bilan birga, xalqaro huquqqa zid ravishda yahudiy posyolkalari kengayib bormoqda va mahalliy aholi doimiy buzuvchilik amaliyotlari hamda bosim ostida yashamoqda.
️ Isroildagi siyosiy kurash, jumladan Binyamin Netanyaxuning Likiud partiyasi va muxolifat bloklari o‘rtasidagi raqobat falastinliklar uchun hech qanday o‘zgarish olib kelmasligi ta’kidlanmoqda. Muxolifat yetakchisi Gadi Eyzenkot ham falastinliklar davlati g‘oyasini rad etib, posyolkalarni mustahkamlash tarafdori ekanini bildirgan. Mutaxassislarning fikricha, Isroil hukumatidagi har qanday o‘zgarish G‘arbiy Sohildagi tizimli bosim va yerlarni tortib olish siyosatiga chek qo‘ymaydi.
Source: www.aljazeera.com