Misrning Gʻarbiya viloyatida qadimiy sivilizatsiyaning yirik topilmalaridan biri aniqlangani haqida xabar berildi. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, Behbet-el-Hajar aholi punktida yer ishlarini bajarish chogʻida oʻziga xos yozuvli tosh parchalari topib olingan va bu holat mutaxassislar eʼtiborini tortgan. Shundan soʻng Misr Qadimiy yodgorliklar boʻyicha oliy kengashi tomonidan maxsus ekspeditsiya yuborilib, hududda keng koʻlamli qazishma ishlari boshlab yuborilgan.
Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, topilgan mahobatli haykallar qadimgi Misr hukmdori Ramses II ga tegishli boʻlishi mumkin. Xususan, topilgan bosh qismining balandligi qariyb 1,6 metrni tashkil etib, uning dastlabki umumiy balandligi tagligi bilan birgalikda 8,5 metrdan oshgani taxmin qilinmoqda. Ushbu haykallarning birida Yuqori va Quyi Misr birligini ramziy maʼnoda ifodalovchi «pshent» deb nomlangan qoʻsh toj tasvirlangani aniqlangan.
Arxeologlar tomonidan olib borilgan dastlabki oʻrganishlar davomida pushti granitdan yasalgan boʻlaklar ham topilgan boʻlib, ularda firʼavnning rasmiy unvonlari va iyeroglif yozuvlari saqlanib qolgan. Xususan, tayanch ustunida hukmdorning taxtga boʻlgan qonuniy huquqini taʼkidlovchi Gor xudosiga aloqador unvonlar bitilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, ekspeditsiya guruhi ikkinchi haykalning ham qariyb 2,4 metr keladigan qismini aniqlagan. Ushbu namunada esa firʼavnlarga xos boʻlgan «nemes» bosh kiyimi aks etgani, yuz chizgilari nisbatan yaxshi saqlangani qayd etilgan. Hukmronligi davri ulkan qurilishlar va harbiy yurishlar bilan tarixga kirgan Ramses II merosini oʻrganish borasidagi bu kabi topilmalar ilmiy doiralarda maʼlum bir qiziqish uygʻotmoqda.
Source: kun.uz