Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buyuk Britaniyaning Donkaster shahridagi yovvoyi tabiat bogʻida yuz bergan mudhish hodisa mamlakatda jiddiy muhokamalarga sabab boʻldi. Maʼlum qilinishicha, «Oltoy» laqabli Amur yoʻlbarsi volyerga kirib qolgan 23 yoshli Uilyam Chapmanga hujum qilib, uni halok qilgan. Mazkur fojia 10-oktabr kuni roʻy bergan boʻlib, u yovvoyi hayvonlar bilan bogʻliq xavfsizlik masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqardi.

Hodidadan atigi uch kun oʻtib, 13-oktabr kuni AQSH rejimi rahbari Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida ushbu yoʻlbars hujumi aks etgan kadrlarni ulashgani xabar qilindi. Amerikalik siyosatchi goʻyoki «Tabiat bilan aslo oʻynashmang!» degan mazmunda izoh qoldirgan. Oradan koʻp oʻtmay, u sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan, oʻzi maysazorda yoʻlbars bilan oʻynayotgani va uni quchoqlab olgani tasvirlangan yana bir shubhali rolikni ham joylashtirgani maʼlum boʻldi.

Marhumning yaqinlari va qarindoshlari ushbu harakatga keskin norozilik bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda bunday «oʻta haqoratomuz kontent»ning tarqatilishi ularning ogʻir qaygʻusini yanada kuchaytirayotganini taʼkidladilar. Oila aʼzolari mazkur fojiakash tasvirlarni tarqatishni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirdi. Shuningdek, mahalliy politsiya ham internet foydalanuvchilaridan hujum aks etgan videolarni tarqatmaslikni qatʼiy soʻradi.

Maʼlumotlarga koʻra, halok boʻlgan britaniyalik Uilyam Chapman 23 yoshda boʻlgan. Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, u samimiy yigit edi, biroq uzoq yillar davomida ogʻir ruhiy xastalikdan aziyat chekib, kuchli taʼsir qiluvchi dori-darmonlarni qabul qilib kelgan. The Guardian nashri tarqatgan xabarlarga koʻra, fojia yuz bergan bogʻ hozircha tomoshabinlar uchun yopiqligicha qolmoqda, biroq bogʻ maʼmuriyati odamga hujum qilgan yoʻlbars oʻldirilmasligini maʼlum qilgan.

Source: kun.uz