Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Isroil ichki xavfsizlik agentligi Shin Betning sobiq rahbari Ronen Bar mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni tuhmatda ayblab, sudga da'vo kiritdi. Ushbu mojaro 27 oktyabrda bo'lib o'tadigan va Netanyaxuning siyosiy taqdiri hal bo'ladigan keskin saylovlar oldidan siyosiy tanglikni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. 134 sahifali sud hujjatida Bar Netanyaxuni o'zini oqlash maqsadida «olg'on gapirganlikda» ayblab, bosh vazirning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum uchun uni «jinoiy xatolar» da ayblagani asossiz va tuhmat ekanini ta'kidlagan.

Sobiq xavfsizlik rahbari o'z da'vosida xavfsizlik tahdidlari sezila boshlagani zahoti bosh vazirning harbiy kotibiga qo'ng'iroq qilganini, biroq Netanyaxuning shaxsiy raqami bo'lmaganini bildirgan. Biroq Isroil rejimi rahbari Netanyaxu hujum kuni tongda Bar tomonidan ogohlantirilmaganini da'vo qilib, agar Shin Bet rahbari yoki harbiy rahbarlar uni o'z vaqtida uyg'otganida, fojianing oldini olish mumkin bo'lar edi, deb iddao qilmoqda. Bar esa Netanyaxu o'zining 7 oktyabrdagi mas'uliyatdan qochish uchun ataylab yolg'on ma'lumotlar tarqatayotganini va aslida uning ko'p yillik siyosati G'azodagi guruhlar xavfini oshirib yuborganini ta'kidlagan.

Siyosiy mojarolar fonida Likud partiyasi orqali bayonot bergan Netanyaxu Bar ning ayblovlarini rad etib, maxsus qizil liniya orqali o'ziga darhol qo'ng'iroq qilishi mumkin bo'lganini iddao qildi. Biroq vaziyatni yanada chigallashtirgan omil shuki, Netanyaxuning sobiq harbiy kotibi Avi Gil 12-kanalga bergan intervyusida bosh vazir idorasi 7 oktyabr voqealariga oid yozuvlarni, jumladan, muhim telefon qo'ng'irog'i vaqtini soxtalashtirganini ma'lum qildi. Gilning so'zlariga ko'ra, idora xodimlari qo'ng'iroq vaqtini ataylab o'zgartirishga majbur qilingan, bu esa rasmiy ma'lumotlarning ishonchliligiga jiddiy shubha tug'diradi.

Shuningdek, Wall Street Journal nashrining yozishicha, Misr razvedkasi rahbari Abbas Kamel hujumdan bir necha kun oldin Netanyaxuni bo'lajak xavf haqida shaxsan ogohlantirgan. Saylovoldi so'rovlar shuni ko'rsatmoqdaki, sobiq xodimlar va muxolifat tomonidan qattiq tanqidga uchrayotgan Netanyaxu hokimiyatni saqlab qolish uchun o'ta og'ir kurash olib bormoqda.

Source: www.aljazeera.com