Madridning «Real» klubi yetakchi hujumchisi Vinisius Junior Ispaniya chempionatining navbatdagi to‘rtta uchrashuvidan chetlatildi. Bunga uning o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan La Liga bahsida raqib o‘yinchisining sochidan tortgani va hakam qaroriga nisbatan keskin norozilik bildirgani sabab bo‘ldi. Ushbu sanksiya natijasida braziliyalik futbolchi 25-oktyabr kuni ashaddiy raqib — «Barselona»ga qarshi kechadigan markaziy «El-Klasiko» bahsini ham o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Ispaniya qirollik futbol federatsiyasining intizomiy qo‘mitasi chorshanba kuni o‘zining yakuniy qarorini e’lon qildi. Hujumchi «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvda maydondan chetlatilgan edi. Bahsning ikkinchi bo‘limida, 52-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan braziliyalik futbolchi oradan yigirma daqiqa o‘tib to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan jazolandi.
Voqealar rivojiga ko‘ra, 7-raqamli forvard «Real»ning ikkinchi golini kiritdim deb o‘ylab nishonlashga kirishgan, hatto zaxira o‘rindig‘idagi murabbiylar shtabi ham quvonchga sherik bo‘lgan edi. Biroq VAR tizimi orqali vaziyatni qayta ko‘rib chiqqan bosh hakam Isidro Dias de Mera golni bekor qildi. Takroriy lavhalarda Vinisius hujum boshlanishida raqib futbolchisi Natan Salibaning sochidan tortgani aniqlandi va u maydondan chetlatildi.
Maydonni tark etish chog‘ida Vinisius g‘azabini jilovlay olmadi va bosh hakamga baqirib e’tiroz bildirdi; uni jamoadoshlari zo‘rg‘a tinchlantirib olib chiqib ketishdi. Intizomiy organ jazo muddatini belgilashda faqat qo‘pollikni emas, balki uning hakamga nisbatan agressiv xatti-harakatlarini ham inobatga oldi. O‘yindan so‘ng futbolchi ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, jamoa va muxlislardan kechirim so‘radi.
Source: www.aljazeera.com