Tramp rejimining ommaviy deportatsiya kampaniyasida asosiy vositaga aylangan AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlarining zo‘ravonliklarini nazorat qilishga qaratilgan chaqiriqlarni yana bir bor rad etdi. AQSh Kongressiga hisobot beruvchi Hukumat hisobdorligi boshqarmasi (GAO) agentlarning bodi-kameralarini avtomatik ravishda ishga tushirish tizimini joriy etishni tavsiya qilgan edi, biroq xizmat rahbariyati bu talabni qabul qilishdan bosh tortdi.
GAO ma’ruzasida ta’kidlanishicha, xodimlarga qurol o‘qtalganida yoki sirena yoqilganda kameralarning o‘z-o‘zidan yozishni boshlashi kutilmagan to‘qnashuvlarda haqiqatni aniqlashga xizmat qilishi mumkin edi. Biroq, AQSh rejimi idoralari go‘yoki “maxfiylik va shaxsiy daxlsizlik”ni ro‘kach qilib, bunday shaffoflik mexanizmidan voz kechmoqda. Rejim rasmiylarining iddao qilishicha, bu vositalar informatorlar yoki jabrlanuvchilar bilan muloqotni noo‘rin tasvirga olib qo‘yishi emish.
Aslida esa bu qaror Vashingtondagi rejim tomonidan o‘tkazilayotgan shafqatsiz reydlar chog‘ida inson huquqlari ommaviy ravishda poymol etilayotgani bilan bog‘liqdir. So‘nggi oylarda immigratsiya xizmati xodimlarining o‘zboshimchalik bilan qurol qo‘llashi oqibatida kamida 30 ta otishma sodir bo‘lib, 9 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 13 nafari jarohatlangan. Minnesotada hatto ikki nafar AQSh fuqarosi ham agentlar tomonidan otib o‘ldirilgan.
Ko‘plab holatlarda ICE xodimlari o‘zlarini go‘yoki himoya qilganliklarini vaj qilib ko‘rsatishgan, biroq keyinchalik paydo bo‘lgan videoyozuvlar agentlarning yolg‘on ko‘rsatma berganini fosh etgan. Masalan, agent Kristian Kastro Venesuela fuqarosiga o‘q uzib, so‘ngra sud oldida yolg‘on hisobot berganlikda ayblanmoqda. Bodi-kameralarning to‘liq nazoratisiz bunday tizimli qonunbuzarliklarning asl ko‘lamini yashirish AQSh kuchishlatar tuzilmalari uchun odatiy holga aylanib bormoqda.
Source: www.aljazeera.com