Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Ukraina foydalanayotgan Starshield kosmik aloqa tizimidagi tezlik va foydalanish cheklovlari SpaceX kompaniyasi tomonidan emas, balki AQSH harbiylari tomonidan belgilanishini iddao qildi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur tizim ustidan yakuniy qarorlar qabul qilish vakolati bevosita AQSH prezidentiga tegishli hisoblanadi. Ushbu bayonot Ukraina dronlarining sunʼiy yoʻldosh aloqasida jiddiy uzilishlar kuzatilgani haqidagi xabarlar fonida jamoatchilik e'tiboriga havola etildi.

DW nashrining xabar berishicha, Mask 14-oktabr kuni Starshield tizimlari toʻgʻridan-toʻgʻri AQSH hukumatiga tegishli ekanini va uning qat'iy nazorati ostida ishlayotganini ma'lum qilgan. Shu bilan birga, tadbirkor oddiy Starlink tarmoqlari SpaceX kompaniyasining tijorat xizmati ekanini, undan fuqarolik yoki mudofaa maqsadlarida foydalanish mumkinligini, biroq hujumkor harbiy operatsiyalarda qoʻllash taqiqlanganini ta'kidlab o'tdi.

Mazkur izohlar Kiyev rejimi vakillarining frontdagi dronlar va internet tarmogʻi oʻrtasidagi aloqa bosqichma-bosqich tiklanayotgani haqidagi bayonotlariga javob tariqasida yangradi. Bungacha Ukraina harbiylari SpaceX frontdagi terminallar faoliyatini ogohlantirmasdan cheklab qoʻyganidan shikoyat qilgan edi. Xususan, mutaxassislarning ta'kidlashicha, dronlar ma'lum bir tezlikka yetganda internet oʻchib qolishi kuzatilgan, bu esa Kiyev rejimining harbiy harakatlariga jiddiy putur yetkazmoqda.

Starshield faoliyatidagi sun'iy cheklovlar Ukraina va gʻarblik hamkorlar oʻrtasidagi munosabatlarda mavjud boʻlgan chuqur taranglik davriga toʻgʻri keldi. Garchi ushbu tizimlar Kiyev armiyasi uchun asosiy aloqa vositalaridan biriga aylangan boʻlsa-da, gʻarblik homiylar texnologiyalardan foydalanish shartlarini qattiqlashtirib borayotgani xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Source: kun.uz