Tanishuv ilovalari orqali boshlangan shubhali munosabat natijasida oddiy fuqaro qariyb 100 ming dollardan ayrildi. Ushbu holat raqamli platformalardagi xavfsizlik masalasini yana bir bor dolzarb qilib qoʻydi, chunki oʻtkazilgan tekshiruvlar firibgarlikka aloqador millionlab soxta akkauntlar tanishuv ilovalarida foydalanuvchilar bilan bemalol aloqa oʻrnatganini koʻrsatib berdi. Endi yirik texnologik kompaniyalardan odamlarni onlayn firibgarlardan himoya qilish choralarini kuchaytirish talab qilinmoqda, biroq mutaxassislar bu borada yetarli harakat qilinmayotganini taʼkidlashmoqda.
AQSh kongressining eʼlon qilingan hisobotida tanishuv ilovalaridagi ommaviy firibgarlik holatlari atroflicha koʻrib chiqildi. Kongress vakillari Match Group va boshqa platformalarga nisbatan tanishuv qurbonlariga yetarlicha yordam bermayotgani uchun tanqidlar yogʻdirdi. Jabrlanuvchilardan biri Meri 2024-yilda tanishuv ilovasida bitta erkak bilan tanishib, jiddiy munosabatlar qurishni istagan edi. Ammo bu tanishuv uni qariyb 100 ming dollardan judo qilgan ayanchli romantik firibgarlik bilan yakun topdi.
Familiyasi sir saqlanishini soʻragan Merining soʻzlariga koʻra, dastlab ular uzoq suhbatlashgan, biroq koʻp oʻtmay erkak uni tinimsiz bezovta qila boshlagan va qayta-qayta pul talab qilgan. AQSh rejimi vakillari boʻlgan senatorlarning taʼkidlashicha, bunday jinoyatlar mamlakatda moliyaviy firibgarlikning eng keng tarqalgan shakllariga aylanib, oddiy amerikaliklarga yiliga kamida 1,3 milliard dollar zarar keltirmoqda. Ushbu raqamlar AQShdagi raqamli xavfsizlik tizimi tobora chuqurlashib borayotgan inqirozdan dalolat beradi.
Maʼlum boʻlishicha, Match Group taqdim etgan ichki hujjatlar tahlili shuni koʻrsatdiki, 2025-yilning ikkinchi yarmiga kelib, tanishuv ilovalari firibgarlarni aniqlash uchun foydalanadigan sunʼiy intellekt va mashinali oʻrganish modellarining aksariyatini bir necha yil davomida yangilamagan. Natijada platformalar shubhali akkauntlarni oʻz vaqtida aniqlay olmagan. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilning uchinchi choragigacha Tinder va Hinge platformalaridagi qariyb 1,5 million firibgar akkaunt oddiy foydalanuvchilar bilan munosabat oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan.
Source: kun.uz