Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buyuk Britaniya oʻta badavlat insonlar uchun oʻzining sobiq jozibadorligini jadal sur’atda yoʻqotib borayotgani maʼlum boʻldi. Soʻnggi ikki yil ichida ushbu mamlakatni tark etgan yoki u yerdagi biznes aloqalarini keskin qisqartirgan milliarderlarning umumiy boyligi naqd 160 milliard dollarga baholanmoqda. Mazkur ommaviy koʻchish jarayoni asosan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi hamda umumiy biznes muhitining ogʻirlashishi bilan uzviy bogʻliq ekani aytilmoqda.

Bloomberg agentligi tomonidan olib borilgan tahlillarga koʻra, Buyuk Britaniyani tark etayotgan ultra boylar mamlakat iqtisodiyoti uchun «160 milliard dollarlik muammo»ga aylangan. Xususan, 2024-yilda Leyboristlar partiyasi hokimiyat tepasiga kelishi fonida badavrat qatlamga qaratilgan soliq siyosatidagi keskin oʻzgarishlar Londonning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqeiga putur yetkazayotgani taxmin qilinmoqda. Oʻta boy qatlamga uzoq yillar davomida foyda keltirgan imtiyozlarning bekor qilinishi hamda yangi cheklovlar joriy etilishi haqidagi tinimsiz muhokamalar Britaniya rejimi bilan elita oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgani taʼkidlanmoqda.

Britaniyaning Phones 4u telefon savdo tarmogʻi asoschisi, milliarder Jon Koduellning iddao qilishicha, hozirda yuzaga kelayotgan holat haqiqiy falokatdan oʻzga narsa emas. Uning soʻzlariga koʻra, millionerlar, milliarderlar va keng miqyosdagi investitsiyalarni jalb qiladigan ijobiy muhit yaratish oʻrniga, Britaniya rejimi buning tamomila teskarisini amalga oshirmoqda. Holbuki, tarixan Buyuk Britaniya boylik toʻplash va uni koʻpaytirish borasida oʻz imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelgan boʻlib, UBS Group AG maʼlumotlariga koʻra, mamlakat dollar millionerlarining soni boʻyicha hanuz dunyoda beshinchi oʻrinni egallaydi.

Shu bilan birga, boylarning mamlakatni tark etishi iqtisodiyot uchun real va salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Hukumat maʼlumotlariga koʻra, Buyuk Britaniyada eng koʻp daromad topadigan aholining atigi 1 foizi jami daromad soligʻi tushumlarining qariyb 27 foizini toʻlaydi. Ularning mamlakatni tark etishi bilan birga ulkan miqdordagi xarid qobiliyati ham chetga chiqib ketmoqda. Koʻchib ketganlar roʻyxatidagi shaxslarning aksariyati oʻzlariga tegishli boylikning asosiy egalari boʻlib, ularning yarmi Monako, Shveysariya va Birlashgan Arab Amirliklaridan boshpana topgan.

Leyboristlar rejimi amalga oshirgan soliq islohotlaridagi asosiy oʻzgarishlardan biri non-dom rejimining bekor qilinishi boʻldi. Bu tartib ayrim shartlar asosida xorijdan olingan daromadlar uchun 15 yilgacha Britaniyada soliq toʻlamaslik imkonini berardi. Shuningdek, meros soligʻi hamda xususiy bozorlardagi investitsiyalarni boshqaruvchi mutaxassislar daromadlariga solinadigan soliqlar ham oshirilgan. Qirollikdan chiqib ketayotganlarning aksariyati xorijliklar boʻlsa-da, Gretsiyaga koʻchib ketgan xej-fond boshqaruvchisi Kris Rokos kabi tub britaniyalik milliarderlarning ham ketishi jamiyatda chuqur xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Source: kun.uz