Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Italiyalik fotograf Federiko Veronezi Namibiyadagi Xuab daryosi vodiysida nobud boʻlgan bolasini koʻtarib ketayotgan urgʻochi filni muhrlagan taʼsirli surati uchun Wildlife Photographer of the Year 2026 xalqaro tanlovining bosh mukofotiga sazovor boʻldi. Uning ushbu ishi, shuningdek, «Sutemizuvchilarning xulq-atvori» yoʻnalishida ham mutlaq gʻolib deb topildi.

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, u hududdagi fillarni kuzatib yurgan vaqtida qurigan daryo oʻzani qumida gʻayrioddiy va sirli sudralish izlarini payqagan. Shundan soʻng u fillar guruhiga yaqinlashib, bu izlar nima sababdan paydo boʻlganini oʻz koʻzi bilan koʻrib tushunib yetgan.

Maʼlum boʻlishicha, guruhdagi urgʻochi fil oʻzining oʻlik bolasini uzoq masofaga koʻtarib ketayotgan boʻlgan. Marhum bolaning oyogʻi ona filning qoziq tishi va xartumi orasida mahkam qisilib qolgani sababli u bunday ogʻir yukni tashlab yubora olmagan.

Olimlarning taʼkidlashicha, Osiyo va Afrika fillarida oʻlim holatlari bilan bogʻliq oʻziga xos va murakkab xatti-harakatlar ilgari ham kuzatilgan. Fillar oʻlgan toʻdadoshlarining tanasini qoʻriqlaydi, turli tovushlar chiqaradi, ularning suyaklarini tegib tekshirib koʻradi va baʼzi hollarda ularni ana shunday tarzda koʻtarib yurishadi.

Tadqiqotchilar bu kabi harakatlar fillarning oʻlim tushunchasini qandaydir tarzda anglashi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda, boshqalari esa buni hayvonlardagi ehtimoliy qaygʻu ifodasi deb talqin qilishga urinmoqda.

Mazkur nufuzli tanlovning 62-koʻrgazmasi 2026-yil 16-oktabrda London Tabiiy tarix muzeyida rasman ochilishi rejalashtirilgan. Ekspozitsiya 2027-yil 11-iyulgacha davom etib, shundan soʻng Buyuk Britaniya va dunyoning boshqa mamlakatlari boʻylab namoyish etilishi kutilmoqda.

Source: kun.uz