Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSH rejimi va Eron o'rtasidagi qarama-qarshilik ma'lum ma'noda nofaol fazaga o'tgandek ko'rinayotgan bir paytda, Yamandagi husiychilar harakati Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlarini xavfli darajada keskinlashtirmoqda. Ar-Riyod rasmiylari harbiy jihatdan yaqqol ustunlikka ega bo'lsa-da, tinch aholi yashaydigan hududlar va fuqarolik infratuzilmasiga yashirincha infiltratsiya qilgan husiychilarga qarshi kurashish oson kechmayotgani ta'kidlanmoqda. Eron hukumati mazkur guruhga ma'lum darajada ta'sir ko'rsatishi taxmin qilinsa-da, radikal guruhning mustaqil ravishda qabul qilayotgan so'nggi qarorlari Tehronning o'zi ham istamagan yangi va xavfli qarama-qarshilik girdobiga tortilib ketish ehtimolini yuzaga keltirmoqda.

Siyosiy tahlilchilar Hikmatilla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimovning “Geosiyosat” dasturida bildirishicha, husiychilarning hozirgi xatti-harakatlarida Eronning bevosita ta'siri avvalgi davrlarga nisbatan ancha pastroq baholanmoqda. Ekspertlarning fikricha, husiychilar o'zlarining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib, mutlaqo mustaqil qarorlar qabul qila boshlagan bo'lishi mumkin. To'g'ri, ularning qurol-yarog' salohiyati va harbiy texnikalari, jumladan, o'zlari ishlab chiqarganini da'vo qilayotgan dronlar hamda raketalarning aksariyati Eron tomonidan yetkazib berilgan yoki uning ko'magida yaratilgani inkor etilmaydi. Shunga qaramay, Eron omili endilikda avvalgidek mutlaq hal qiluvchi ahamiyat kasb etmayotgani va guruhning o'zboshimchalik bilan harakat qilishi mintaqadagi vaziyatni yanada chigallashtirayotgani qayd etildi.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, husiychilarning bugungi xatti-harakatlari 2023-yil 7-oktabrda sodir bo'lgan voqealarni yodga solmoqda, o'shanda ham tashqi kuchlarning ko'magiga ortiqcha umid bog'lagan tomonlar o'z kuchini noto'g'ri baholagan edi. Hozirda Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o'rtasida muhokama qilinayotgan harbiy-siyosiy kelishuvlar fonida husiychilarning Ar-Riyod aeroporti kabi fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan hujumlari ularning o'zlari uchun ulkan tavakkalga aylanmoqda. Zamonaviy havo mudofaa tizimlari ham barcha xavflarni to'liq bartaraf eta olmayotgan bir sharoitda, Saudiya Arabistoni keng ko'lamli urush oqibatlarini chuqur o'ylab ish tutmoqda, biroq bu kabi provokatsiyalar Islom olamidagi jamoatchilik va boshqa davlatlarning husiychilarga bo'lgan munosabatini keskin salbiy tomonga o'zgartirishi turgan gap.

Source: kun.uz