Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Pokiston shimoli-gʻaribidagi Peshovar shahrida yuz bergan fojiali hodisa mamlakatni larzaga soldi. Xususiy maktab binosining tomi qulab tushishi natijasida oʻnlab yosh oʻquvchilar hayotdan koʻz yumdi va ko'plab insonlar jarohat oldi.

Reuters agentligi tarqatgan ma'lumotlarga koʻra, halokat vaqtida asosan ikkinchi va uchinchi sinf oʻquvchilari boʻlgan 34 nafar bola vayronalar ostida qolib halok bo'lgan. Qurbonlar orasida maktab oʻqituvchilaridan biri ham borligi tasdiqlandi.

Shuningdek, turli darajadagi tan jarohatlari olgan 50 nafarga yaqin kishi shifoxonalarga yotqizilgan boʻlib, ularning bir nechtasining ahvoli oʻta ogʻir deb baholanmoqda. Shifokorlar ma'lumotiga koʻra, jabrlanganlarning barchasi 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan kichik yoshdagi bolalardir.

Qutqaruv xizmatlarining dastlabki xulosasiga koʻra, binoning uchinchi qavati tomi oʻpirilib, pastki qavatlardagi yopmalarni ham oʻzi bilan qoʻshib qulatgan. Oqibatda tonnalab yuk sinfxonalardagi bolalarning ustiga tushgan. Qutqaruvchilar tezkorlik bilan harakat qilgan boʻlsa-da, fojianing koʻlami juda katta boʻldi.

Peshovar politsiyasi boshligʻi Mian Saidning bildirishicha, mazkur ta'lim muassasasi talablarga javob bermaydigan va mustahkam boʻlmagan binoda faoliyat yuritib kelgan. Ayni paytda maktab egasi hibsga olingan boʻlib, u yuzaga kelgan vaziyatda yogʻingarchilikni ayblashga urinmoqda. Rasmiylar esa fojia sabablarini chuqur oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzilganini e'lon qildi.

Source: kun.uz