Somaliya mustaqil milliy saylov va chegaralar komissiyasi mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlari kelgusi yilda o'tkazilishini ma'lum qildi. Ushbu bayonot davlat teleradiokompaniyasi orqali e'lon qilingan bo'lib, quyi va yuqori palatalar uchun parlament saylovlari 2027 yilning 15 apreliga, prezidentlik saylovlari esa 15 mayga belgilangani aytildi. Saylov organining bayonotida ta'kidlanishicha, prezidentlik saylovi rahbarning qasamyod qilgan sanasidan boshlab besh yillik vakolat muddatini belgilovchi qoidaga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Biroq, mazkur jarayon mamlakatda jiddiy siyosiy zidniyat va qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarmoqda. Prezident Hasan Shayx Mahmudning ikkinchi muddati joriy yilda tugagan bo'lishiga qaramay, uning ma'muriyati konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish orqali "o'tish davrini" e'lon qilgan edi. Muholifat partiyalari ushbu ovoz berish jarayonini boykot qilgan va o'zgarishlarni qat'iyan rad etib kelmoqda. Tanqidchilar prezidentning partiyalarga asoslangan saylov tizimini joriy etishga urinishini hokimiyatni monopollashtirish va tortib olish deb baholamoqda.
Mamlakatning sobiq rahbarlari ham bu qarordan xavotir bildirib, vaziyat keskinlashuvi mumkinligidan ogohlantirdilar. Sobiq prezident Muhammad Abdullohi Farmajo saylovlar o'tkazilishini Somali davlatchiligi va kelajagiga nisbatan xavfli tahdid deb atadi. Yana bir sobiq prezident Shayx Sharif Shayx Ahmad esa munozarali saylov jarayoni parallel saylovlarga va hatto fuqarolik mojarolariga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ekspertlar va mahalliy aholi ham ushbu bir tomonlama e'lon qilingan jadval mamlakatni yanada parchalab yuborishidan qo'rqishmoqda.
Shuning bilan birga, prezident Mahmud xavfsizlik sohasidagi jiddiy muammolarga qaramay, mamlakatda “terrorizmga” qarshi kurash davom etishini ta'kidladi. U AQShni ushbu kurashdagi eng asosiy hamkor deb atadi, shuningdek, Efiopiya bilan munosabatlardagi tarangliklar yumshatilganini qayd etdi. Shunga qaramay, ichki siyosiy kelishmovchiliklar fonida e'lon qilingan saylovlar Somali barqarorligiga jiddiy sinov bo'lishi kutilmoqda.
Source: www.aljazeera.com