Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Isroil rejimining harbiy tuzilmasi bo‘lmish COGAT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga ikki kundan buyon tijorat yuklari kiritilmayapti. Tel-Aviv tomoni bu holatni go‘yoki mahalliy savdogarlar hamda HAMAS o‘rtasidagi soliq mojarosi bilan izohlashga urinmoqda. Isroil rejimi iddaosiga binoan, savdogarlar har bir yuk mashinasi uchun talab qilinayotgan 10 000 shekel miqdoridagi to‘lov hamda savdoning 30 foizini naqd pulda amalga oshirish shartiga qarshi norozilik bildirib, yuk olib kirishni to‘xtatgan.

Biroq G‘azo hukumati axborot idorasi ushbu bayonotlarni qat’iyan rad etib, buni navbatdagi ochiq dezinformatsiya kampaniyasi deb atadi. Rasmiy manbalarning ta’kidlashicha, Isroil rejimi o‘z cheklovlari oqibatida yuzaga kelgan inqiroz uchun javobgarlikni sun’iy ravishda G‘azo ma’muriyati zimmasiga yuklashga harakat qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, aytib o‘tilgan mablag‘ majburiy soliq emas, balki bevalar va yetimlarga yordam ko‘rsatish fondiga ixtiyoriy badal xolos, naqd to‘lovlar esa mintaqadagi o‘tkir naqd pulsizlik sababli faqat tavsiya etilgan.

G‘azodagi xususiy yuk tashuvchilar kasaba uyushmasi rahbari Nayed Sheheyber ham Isroil rejimining vajlarini yolg‘onga chiqardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar savdogarlar tomonidan emas, balki bevosita Isroil tomoni tomonidan joriy qilingan. Uyushma G‘azo Iqtisodiyot vazirligi bilan uchrashib, Tel-Aviv tomoni o‘z blokadasini oqlash uchun oddiy ma’muriy yig‘imlarni bahona qilayotganidan xavotir bildirgan.

Qish fasli yaqinlashib kelayotgan bir paytda tijorat yuklarining, xususan meva, go‘sht va issiq kiyim-kechaklarning to‘xtatilishi 2,1 millionlik qamal ostidagi aholi uchun halokatli zarba bo‘lishi mumkin. Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari faqat gumanitar yordam orqali barcha ehtiyojlarni qoplab bo‘lmasligini, narxlarni barqaror ushlab turish uchun tijorat bozori uzluksiz ishlashi shartligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh rejimi vositachiligida tuzilgan kelishuvlarga muvofiq, Isroil rejimi G‘azoga kuniga kamida 600 ta gumanitar yuk mashinasini kiritish majburiyatini olgan edi. Amalda esa bu ko‘rsatkich hatto 300 taga ham yetmayotgani aytilmoqda, bu esa gumanitar falokatni yanada chuqurlashtirmoqda.

Source: www.aljazeera.com