Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSH Prezidenti Donald Trump hukumati Kaliforniya shtatiga qarshi sudga da'vo kiritdi. Bunga shtat rasmiylarining ro'yxatga olingan chet el fuqarolari ro'yxatini tekshirish bo'yicha belgilangan muddatni o'tkazib yuborgani sababa qilib ko'rsatilmoqda. Ushbu qadam Vashington va shtat rahbariyati o'rtasidagi ziddiyatlarni yanada keskinlashtirdi.

Kaliforniyadagi AQSH Okrug sudiga taqdim etilgan da'voda Adliya vazirligi rasmiylari suddan shtatga yuborilgan ro'yxatdagi 20 mingga yaqin chet el fuqarolarining pochta orqali kelgan ovozlarini sanab chiqishni taqiqlashni talab qildi. Idora vakillari go'yoki Kaliforniya bilan hamkorlik qilishga urinib ko'rganini, biroq shtat bu borada jiddiy harakat qilmaganini da'vo qilmoqda.

Mazkur harakat Adliya vazirligi bir nechta okrug rasmiylariga yo'llagan xatlarida bergan 48 soatlik ultimatumdan so'ng amalga oshirildi. Ushbu maktublarda agentlik tomonidan taqdim etilgan ro'yxatlarni tekshirmagan taqdirda qo'shimcha choralar ko'rilishi bilan tahdid qilingan edi.

Kaliforniya shtatining saylovlarni o'tkazishga mas'ul bo'lgan kotibi Shirli Veber bu talablarni keskin qoralab, vaziyatni izohladi. Uning ta'kidlashicha, AQSH rejimi saylovlar oldidan minglab fuqarolarning ovoz berish huquqini tahdid ostiga qo'yuvchi misli ko'rilmagan choralarni talab qilmoqda va bu mutlaqo tekshirib bo'lmaydigan ma'lumotlarga asoslangan.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom ham mamlakat Adliya vazirligining bu harakatini keskin tanqid qilib, buni saylovchilarning ovoz berish huquqini cheklashga qaratilgan umidsiz urinish deb atadi. Uning so'zlariga ko'ra, sudlar federal hukumat shtat saylovlarini o'tkazishda hech qanday vakolatga ega emasligini bir necha bor aniq ko'rsatib qo'ygan.

Source: www.aljazeera.com