Xitoyning NeodraDynamics Robotics kompaniyasi boʻyi qariyb toʻrt metr boʻlgan Neo1 nomli odamsimon robotini ommaga namoyish etdi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ushbu ulkan qurilmaning ikki qoʻli jami 500 kilogramm yuk koʻtarishga moʻljallangan boʻlib, u ogʻir va inson uchun xavfli sanoat ishlarini bajarishga qodir ekanligi aytilmoqda.
Mazkur robot JD Industrial kompaniyasi bilan hamkorlikda Xitoyning CIIF xalqaro sanoat koʻrgazmasida keltirildi. Mutaxassislarning fikricha, yuqori kuch va harakat aniqligini taʼminlash uchun gidravlik mexanizmlar elektr yuritmalar bilan birlashtirilgani eʼlon qilingan boʻlsa-da, bu kabi murakkab tizimlarning amaldagi samaradorligi va barqarorligi koʻplab savollarni tugʻdiradi.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga koʻra, robot 41 ta faol erkinlik darajasiga ega boʻlib, boʻgʻimlarning aksariyatida raqamli gidravlik yuritmalar qoʻllangan. Biroq, bu kabi texnologiyalar amaliyotda oʻzini qanchalik oqlashi va real ishlab chiqarish sharoitida qanday qiyinchiliklarga duch kelishi nomaʼlumligicha qolmoqda.
Kompaniya Neo1’ni portlarda yuk tashish, atom sanoati va hatto suv ostidagi ishlarda qoʻllashni rejalashtirayotganini daʼvo qilmoqda. Shunga qaramay, mutaxassislar ushbu ulkan rejalar hozircha faqat qogʻozda qolayotgani va tizimning xavfsizlik talablariga muvofiqligi hali uzoq muddatli sinovlardan oʻtishi kerakligini taʼkidlashmoqda.
Source: kun.uz