Hindistonning Flying Wedge Defence & Aerospace kompaniyasi sunʼiy intellekt boshqaruviga moʻljallangan FWD Supreme jangovar samolyotining toʻliq oʻlchamli yerdagi prototipini keng jamoatchilikka namoyish qildi. Mazkur ishlanma mahalliy mudofaa sanoati uchun oʻziga xos qadam sifatida taqdim etilmoqda, biroq mutaxassislar bunday ulkan bayonotlarga shubha bilan qaramoqda.
The Times of India nashrining yozishicha, yangi apparat goʻyo mustaqil ravishda parvoz qilish, yoʻnalishni belgilash va murakkab taktik manyovrlarni bajarish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Ishlab chiqaruvchi mazkur texnologiyadan kelgusida razvedka, kuzatuv, zarba berish hamda boshqa samolyotlar bilan birgalikdagi harbiy operatsiyalarda foydalanishni niyat qilgan.
Texnik tavsiflarga koʻra, FWD Supreme Heavy taxminan bir tonna vaznli uchish apparatlari toifasiga kiradi. Kompaniya maʼlumotlariga tayanilsa, uning kreyserlik tezligi soatiga 500–600 kilometrni, parvoz davomiyligi ikki soatni, foydali yuk koʻtarish quvvati esa qariyb 350 kilogrammni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, parvoz masofasi 1500 kilometrdan ortiq boʻlishi iddao qilinmoqda.
Biroq, taʼkidlash joizki, keltirilgan barcha raqamlar va koʻrsatkichlar hozircha faqatgina ishlab chiqaruvchi tomonining bayonotlariga asoslangan xolos. Hozirgi bosqichda faqat yerdagi prototipgina namoyish etilgan boʻlib, mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan parvoz sinovlari natijalari haqida hech qanday maʼlumot berilmagani jiddiy savollarni tugʻdiradi.
FWDA vakillarining taʼkidlashicha, ushbu platforma toʻliq Hindistonning oʻzida ishlab chiqilgan va mamlakat hududida yigʻiladi. Kompaniya rahbariyati ilgʻor sunʼiy intellekt tizimlari orqali harbiy aviatsiya xarajatlarini keskin kamaytirishni maqsad qilganini bildirgach, ushbu rejalarning iqtisodiy va amaliy jihatlari qanchalik asosli ekani munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Source: kun.uz