Mashhur Amerikaning Time nashri har yili anʼanaviy tarzda tuziladigan dunyodagi eng yaxshi ixtirolar roʻyxatini eʼlon qildi. Ushbu keng qamrovli roʻyxatdan maishiy yordamchilar, turli gʻayrioddiy gadjetlar hamda ilgʻor tibbiy ishlanmalardan iborat jami 300 ta qurilma, texnologiya va xizmatlar oʻrin oldi. Ushbu ishlanmalar orasida zamonaviy isteʼmol bozorini butunlay oʻzgartirib yuborishi daʼvo qilinayotgan bir qancha shov-shuvli mahsulotlar ham bor.
Xususan, roʻyxatda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan Apple iPhone Duo qurilma ham tilga olingan. Ushbu birinchi buklama smartfon yigʻilgan holatda hajmi boʻyicha oddiy pasportga teng kelishi, ochilganda esa kichik planshetga aylanishi aytilmoqda. Amerikalik ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, qurilma sharniri ichiga 100 dan ortiq mitti detallar joylashtirilgan boʻlib, dastlabki foydalanuvchilarning iddaolariga koʻra, ekrandagi bukilish izi deyarli sezilmaydi.
Shuningdek, roʻyxatdan Dyson kompaniyasining CameraJet deb nomlangan yangi mahsuloti ham joy oldi. Bu qurilma elektr tish choʻtkasi va irrigatorni oʻzaro birlashtirib, uning uchiga mitti kamerani oʻrnatgan. Ishlab chiqaruvchilarning soʻzlariga koʻra, u tishlar orasidagi boʻshliqlarni oʻzi payqab, tozalash jarayonining oʻzidayoq suv oqimini aynan oʻsha nuqtaga yoʻnaltiradi, biroq bu texnologiyaning qanchalik amaliy va zarur ekanligi mutaxassislar orasida hali ham savollar tugʻdirmoqda.
Reytingdan oʻrin olgan yana bir eʼtiborga molik ishlanma bu 1X Neo deb nomlangan odamsimon uy robotidir. Vazu taxminan 30 kilogramm boʻlgan bu robot 68 kilogrammdan ogʻirroq yukni koʻtara olishi va 25 kilogramm atrofida yuk tashiy olishi aytilmoqda. Biroq, murakkabroq vazifalarni bajarish uchun hozircha masofadan boshqaruv talab etilishi va bunday gʻayrioddiy yordamchining narxi naq 20 000 dollarni tashkil etishi uning keng ommaga qanchalik foydali boʻlishiga shubha bilan qarashga majbur qiladi.
Source: kun.uz