Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Polshaning Starlink yer usti stansiyasiga qilingan qasddan oʻt qoʻyish jinoyatiga Turkiyaning «Daltonlar» deb nomlangan jinoiy guruhi aloqador boʻlishi mumkinligi aytilmoqda. Germaniya va Polsha nashrlarining xabar berishicha, tergov jarayonida ushbu guruh guyo Rossiya maxsus xizmatlari topshirigʻi asosida harakat qilgani ehtimoli chuqur tekshirilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, ushbu ish doirasida Germaniyaning Nyurtingen shahrida Turkiyaning ikki fuqarosi hibsga olingan. Shtutgart Oliy yer sudi hozirda gumonlanuvchilarni Polsha tomoniga ekstraditsiya qilish masalasini koʻrib chiqmoqda. Yevropa maxsus xizmatlari bu shaxslar xalqaro jinoiy tarmoq topshiriqlarini bajargan boʻlishidan xavotir bildirmoqda.

Tergov materiallarida guruhning taxmin qilinayotgan yetakchisi Beratjan Gyokdemirning nomi ham tilga olinmoqda. U 2024-yilda Rossiyada ushlangan boʻlishiga qaramay, Anqaraning rasmiy ekstraditsiya talablariga qaramasdan Turkiyaga topshirilmagan. Yevropa rasmiylari Rossiya hukumati unga oʻziga xos xizmatlar evaziga boshpana bergan boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Varshavadan 50 kilometr uzoqlikdagi Volya-Krobovska qishlogʻida joylashgan muhim Starlink stansiyasi sentabr oyi oxirida yongʻin natijasida shikastlangan edi. Polsha rasmiylari mazkur hodisani navbatdagi diversiya urinishi deb baholagan, biroq hodisaning asl sabablari va buyurtmachilari hanuzgacha toʻliq oʻrganilmoqda.

Source: kun.uz