Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Norvegiyalik yovvoyi tabiat fotografi Audun Rikardsenning «Tyulenning dahshati» deb nomlangan ishi Our Nature Environmental Photo & Video Awards 2026 tanlovida eng yuqori mukofotga loyiq topildi. Suv ostidan muhrlangan ushbu kadrda oq ayiqning Arktika muzlaridagi kichik ochiqlikdan toʻgʻri obyektivga tikilib turgani aks etgan boʻlib, u atrof-muhitdagi keskin oʻzgarishlarni namoyish etadi.

Mazkur xalqaro tanlov tabiat hamda insonning atrof-muhit bilan murakkab munosabatlarini yorituvchi eng sara foto va video hikoyalarni saralashga qaratilgan. Joriy yilda taqdim etilgan gʻolib ishlar qatorida noyob hayvonlarni qutqarish operatsiyalari, tungi oʻrmonlarning sirli hayoti hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid dolzarb mavzulardagi suratlar ham oʻrin oldi.

Shuningdek, belgiyalik hujjatli fotograf Alen Shreder oʻzining «Orangutanlarni qutqarish» nomli fotohikoyalar turkumi uchun eng yaxshi yoʻnalish mukofotini qoʻlga kiritdi. Indoneziyaning Sumatra orolida muhrlangan ushbu kadrlar tabiiy yashash muhitining jadal yoʻqolishi, odamlar bilan yuzaga kelayotgan xavfli toʻqnashuvlar hamda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosidan aziyat chekayotgan primatlarni qutqarish jarayonlarini ochib beradi.

Tanlovning boshqa yoʻnalishlarida ham eʼtiborga molik ishlar eʼtirof etildi. Jumladan, Yan Pokludaning qizilishton va uning polaponi tasvirlangan ishi «Sof tabiat - havo» nominatsiyasida gʻolib chiqdi, Imre Potoning Karpat havzasidagi tungi oʻrmonda 108 soniyali uzoq ekspozitsiya yordamida olingan kapalaklar parvozi surati esa hakamlar eʼtiborini tortdi.

Source: kun.uz