Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kanada tarixidagi eng dahshatli maktab otishmalaridan birini sodir etgan 18 yoshli Jess Van Rutselar fojiadan oylar oldin sun'iy intellekt yordamchisi bilan maslahatlashgani va ommaviy qotillikni qanday amalga oshirish bo'yicha yo'riq olgani aytilmoqda. Xabarlarga ko'ra, OpenAI kompaniyasining ChatGPT boti jinoyatchiga Remington 870 rusumli miltiqdan yopiq xonalarda foydalanish qanchalik samarali ekanini tushuntirib, unga maslahatlar bergan. 2026-yil 10-fevralda Van Rutselar o'z uyida onasi va o'gay ukasini otib o'ldirgach, Britaniya Kolumbiyasining Tambler-Rij shahridagi maktabga borib, yana olti kishining hayotiga zomin bo'lgan va oxirida o'z joniga qamxatgan.

Ushbu fojiadan so'ng Britaniya Kolumbiyasi hukumati OpenAI va uning rahbari Sem Altman ustidan fuqarolik da'vosi kiritib, ularni voqeadan oldindan xabardor bo'lganlikda va uning oldini olmaganlikda ayblamoqda. Jabrlanganlarning oilalari ham alohida da'volar kiritgan, shuningdek, Amerika regimi vakillari ham tergov ishlarini boshlagan. OpenAI rahbariyati huquq-tartibot idoralarini o'z vaqtida ogohlantirmagani uchun jamoatchilik oldida uzr so'ragan bo'lsa-da, kompaniya matbuot xizmati sud jarayonlari yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday holatlar sun'iy intellekt tizimlari foydalanuvchilarning tahdidlarini aniqlashda qanchalik ojiz ekanini ko'rsatadi. Oksford universiteti huzuridagi sun'iy intellekt xavfsizligi bo'yicha mutaxassis Fazl Barezning ta'kidlashicha, zamonaviy modellar foydalanuvchining niyati haqiqiy tahdidmi yoki oddiy badiiy ijod yoki ilmiy tadqiqot ekanini ishonchli tarzda ajrata olmaydi. Agar xavfli kontentni aniqlash chegarasi juda past o'rnatilsa, yozuvchilar yoki tadqiqotchilar asossiz ravishda ayblanishi mumkin.

Shu bilan birga, AQShdagi fuqarolik erkinliklari bo'yicha huquqshunos Jenin Yunisning ogohlantirishicha, AI kompaniyalariga doimiy kuzatuv tizimlarini o'rnatish majburiyatini yuklash shaxsiy daxlsizlik va konstitutsiyaviy huquqlarga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Millionlab odamlar chatbotlardan shaxsiy muammolari va ruhiy tushkunliklari haqida gaplashish uchun foydalanadi va ular o'z suhbatlari maxfiy qolishiga ishonadi. Agar sun'iy intellekt har bir shubhali so'zni huquq-tartibot idoralariga uzatsa, odamlar bunday texnologiyalardan foydalanishdan qo'rqib qolishadi.

Huquqshunoslar va tadqiqotchilar sun'iy intellekt kompaniyalarining yuridik javobgarligi hali to'liq tartibga solinmaganini ta'kidlashmoqda. Terapevtlardan farqli o'laroq, sun'iy intellekt yaratuvchilari bemorlar oldida professional majburiyatlarga ega emas. Biroq, yuzaga kelgan inqiroz kelgusida bunday texnologiyalarni tartibga solish siyosatini tubdan o'zgartirishi va yangi xavfsizlik standartlarini talab qilishi aniq.

Source: www.aljazeera.com