Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari fonida Vinnitsa shahrida elektr taʼminotida jiddiy uzilishlar kuzatildi. Mahalliy hokimiyat vakillarining, jumladan shahar meri Sergey Morgunovning soʻzlariga koʻra, 17-oktabr ertalabki hujumlardan soʻng shahar toʻliq elektr energiyasidan mahrum boʻlgan va muhim infratuzilma obyektlari zaxira manbalariga oʻtkazilgan. Transport tizimidagi uzilishlar sababli yoʻnalishlarga qoʻshimcha avtobuslar chiqarilgan.
Shu bilan birga, Kiyev rejimi nazoratidagi hududlarda, jumladan Xarkiv va Zaporijjya viloyatlarida ham vayronagarchiliklar va jabrlanganlar haqida xabar berildi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining maʼlumotiga koʻra, Zaporijjyadagi zarbalar oqibatida kamida besh kishi, jumladan bir bola jarohatlangan. Qutqaruvchilar turli hududlardagi yongʻinlarni bartaraf etishga majbur boʻlgan.
Xarkiv shahrida esa 17-oktabr tongiga kelib Rossiya hujumlaridan 15 nafar shaxs, jumladan uch nafar bola jabrlangani daʼvo qilinmoqda. Nemishlyanskiy tumanidagi ombor binosiga kelib tushgan raketa yirik yongʻinni keltirib chiqargan, shuningdek, koʻp qavatli uylar zarar koʻrgan. Rovno viloyatida ham nomaʼlum korxona hududida yongʻin chiqib, ikki kishi jarohatlangani aytilmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining iddao qilishicha, tun davomida turli turdagi raketalar va yuzlab uchuvchisiz apparatlar qoʻllanilgan. Kiyev rejimi vakillari ularning aksariyati urib tushirilganini taʼkidlagan boʻlsa-da, bir nechta hududlarda jiddiy zarbalar qayd etilgan. Oʻz navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy-sanoat majmuasiga aloqador obyektlar, xususan Zaporojstal va Jitomirdagi elektr podstansiyasiga aniq zarbalar berilganini maʼlum qildi.
Source: kun.uz