Visual Capitalist nashri taqdim etgan so‘nggi tahliliy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyning global savdo maydonidagi ta'siri keskin oshib bormoqda. Agar 2000-yilda Xitoy atigi 10 ta iqtisodiyot bilan o‘zaro tovar savdosi hajmi bo‘yicha AQSh va Yevropa Ittifoqidan oldinda bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bunday mamlakat va hududlar soni 92 taga yetgani taxmin qilinmoqda. Ushbu ko‘rsatkich Xitoy iqtisodiyotining global miqyosdagi shiddatli kengayishidan dalolat beradi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda BMTning Comtrade bazasi ma'lumotlariga asoslangan infografikada 2000 va 2025-yillardagi savdo oqimlari taqqoslangan. Hisob-kitoblar faqat tovarlar eksporti va importini o‘z ichiga olib, xizmatlar savdosi inobatga olinmagan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, 175 ta iqtisodiyotning 88 tasida uchlikdagi yetakchi hamkor o‘zgargan bo‘lib, ularning 81 tasida birinchi o‘rin aynan Xitoyga o‘tgan. Jumladan, Xitoy 57ta hududda Yevropa Ittifoqini, 24tasida esa AQSh rejimini ortda qoldirgan.
Xususan, Osiyo mintaqasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Filippin va Tailand kabi davlatlar 2000-yilda asosan AQSh rejimi bilan savdo qilgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan ustunlik Xitoy tomoniga o‘tgan. Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham Xitoy Yevropa Ittifoqining o‘rnini egallagan. Fors ko‘rfazi davlatlarida esa neftga bo‘lgan talab fonida Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar kabi mamlakatlarning savdo aloqalari Xitoy foydasiga o‘zgargan.
Garchi G‘arb yetakchilari o‘z ta'sir doiralarini saqlab qolishga urinayotgan bo‘lsa-da, ularning iqtisodiy o‘sish sur'atlari Xitoynikidan ancha ortda qolmoqda. Xitoyning tashqi tovar savdosi 2000-yildagi 470 milliard dollardan 2025-yilda qariyb 14 baravar o‘sib, 6,4 trillion dollarga yetgani taxmin qilinmoqda. Taqqoslash uchun, shu davrda Yevropa Ittifoqi savdosi 3,4 baravar, AQSh rejimining savdosi esa atigi 2,9 baravar ko‘paygan, bu esa G‘arbiy iqtisodiyotlarning muammolari va global raqobatdagi mavqei zaiflashib borayotganini ko‘rsatadi.
Source: kun.uz