Sudan qurolli kuchlari mamlakat janubi-gʻarbiy qismidagi Niyala shahrida Tezkor harakat kuchlari (RSF) pozitsiyalariga qarshi qator havo hujumlari amalga oshirilganini maʼlum qildi. Harbiy qoʻmondonlik bayonotiga koʻra, ushbu zarbalar natijasida oʻnlab harbiylashtirilgan tuzilma jangarilari yoʻq qilingan va ularning qoʻmondonlik markazlari nishonga olingan. Janubiy Darfur shtatining poytaxti boʻlgan Niyala shahri mazkur qurolli guruhning oʻzi eʼlon qilgan maʼmuriyati joylashgan asosiy markazlardan biri hisoblanadi.
Biroq, qarama-qarshi tomon va inson huquqlari faollari ushbu maʼlumotlarni butunlay rad etib, armiya harakatlari oqibatida tinch aholi vakillari jabr koʻrganini taʼkidlamoqda. RSF vakillarining soʻzlariga koʻra, harbiy rejim tomonidan amalga oshirilgan dron hujumi qizgʻin savdo ketayotgan chorva mollar bozoriga kelib tushgan. Natijada 17 nafar ayol va 5 nafar bola hamda jami 30 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgani aytilmoqda.
Shuningdek, "Favqulodda vaziyatlar huquqshunoslari" inson huquqlari tashkiloti ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Niyaladagi bozor hujumga uchraganini tasdiqlagan. Ularning taxminiga koʻra, mazkur zarbada ishlatilgan uchuvchisiz uchish apparati Sudan armiyasiga aloqador boʻlgan. Biroq harbiylar oʻz navbatida yoʻq qilingan shaxslar va infratuzilma haqidagi daʼvolarga izoh bermayapti.
Sudan poytaxti Xartumdan berilgan maʼlumotlarga koʻra, mamlakatdagi ikki tomonlama toʻqnashuvlar soʻnggi paytlarda yanada keskinlashgan. Xususan, Janubiy Kordofanda ham qizgʻin janglar davom etayotgani va oltin konlari dronlar orqali nishonga olingani aytilmoqda. Eslatib oʻtamiz, Sudan fuqarolar urushi 2023-yilda boshlangan boʻlib, oʻn minglab odamlarning yostigʻini quritdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaziyatni dunyodagi eng ogʻir gumanitar inqiroz deb baholamoqda.
Source: www.aljazeera.com